Olimlarning xalqaro guruhi Galapagos orollarida yashovchi bahaybat toshbaqalarning yangi turini aniqladi. Bu haqda PLOS One ilmiy jurnali saytida e’lon qilingan tadqiqotda ma’lum qilingan.
Yangi tur “Yolg‘iz Jorj” laqabli Abingdon toshbaqalarining oxirgi vakiliga qarovda jonkuyarlik qilgan Fausto Yerena sharafiga Chelonoidis donfaustoi deb nomlandi.
Kashfiyot DNK tahlili yordamida amalga oshdi. 2002-yili boshlangan izlanishlar bir turga mansub deb hisoblab kelingan toshbaqalar aslida ikki turga tegishli ekanligini ko‘rsatdi. Tadqiqotlarda ishtirok etgan ekvadorlik olim Uoshington Tapiyaning aytishicha, yangi tur vakillarining soni 250—300 ta atrofida.
Chelonoidis donfaustoi’ni hisobga olganda Galapagos orollarida bahaybat toshbaqalarning jami 11 turi istiqomat qilmoqda. Ularni asosan Santa-Krus orollari sharqida uchratish mumkin.
Iyul oyida AQShda chop etiladigan sayohatlar jurnali o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda Ekvadorning Galapagos arxipelagi dunyoning eng manzarali va sayyohlar uchun qiziqarli oroli deb topilgandi.
Izoh (0)