14-oktabr kuni Facebook’dagi “Priznavaysya, Uzbekistan” sahifasida Toshkent viloyatidagi Qibray posyolkasi osmonida noma’lum uchar jism ko‘ringani butun posyolka qo‘rquvdan dahshatga tushgani haqida xabar qoldirildi. Xabarga ilova qilingan suratda bulutlar orasidagi noma’lum obyektni ko‘rish mumkin.
Post ostida izoh qoldirganlar rasmga turlicha munosabatda bo‘ldi. Kimlardir bu surat haqiqiy ekanligiga ishongan bo‘lsa, boshqalar bunga hazil bilan yondashdi.
Foydalanuvchilardan biri suratga “Abdullajonning qaytishi”, deb izoh berdi va “Abdullajon, yoki Stiven Spilbergga bag‘ishlanadi” filmiga ishora qildi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu smartfonlarning rasmlarni tahrirlashga mo‘ljallangan dasturidagi yangi effekt ekanligini, shu kabi surat bir kun oldin Qozog‘iston OAVlarida tarqalganini ta’kidlab o‘tdi.
“Uchar likopcha”ning boshqa yerdan olingan surati ham izoh qoldirganlardan biri tomonidan joylandi. Yangi suratni foydalanuvchilar “Bunisi endi qayerda olingan? Chirchiqdami yoki Chilonzorda?”, deb qarshi oldi.
Yuqoridagi ikki suratni solishtirgan kishi NUJning ko‘rinishi aynan bir xil ekanligi, suratlar rasmlarni tahrirlovchi dasturda tayyorlanganini payqashi mushkul emas.
Izoh (0)