6-oktabr kuni “Turkiston” saroyida yoshlar o‘rtasida “MIT.uz” milliy internet tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan qator vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “MIT.uz” III milliy internet tanlovida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan sakkiz yuzdan ortiq internet sayt muallif va ishlab chiquvchilari qatnashdi. Tanlovda Uz domenidagi veb-resurslar bilan bir qatorda xorijiy domenlarda joylashtirilgan saytlar ham tanlab olindi.
Eng yaxshi ijodiy ishlar o‘n asosiy va olti qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha saralab olindi.
2013—2015-yillarda tanlovda jami 2800 nafardan ziyod yigit-qiz ishtirok etdi. Ular tomonidan 1300 dan ortiq veb-sayt, qariyb 1500 fotosurat, videorolik va fotokolleksiyalar taqdim etildi. Shunisi e’tiborliki, tanlov qatnashchilarining 70 foizi talabalardir. Taqdim etilgan saytlarning 40 foizdan ortig‘i shu yil ishga tushirilgan.
Tadbir doirasida veb-ishlanmalar, mobil o‘yinlar va dasturiy ta’minot vositalari ko‘rgazmasi, 3D formatidagi “O‘zbekiston muzeylarining eng sara ming asari” virtual muzeyi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Milliy internet tanlovi g‘olib va sovrindorlariga diplom va mukofotlar topshirildi.
Izoh (0)