Rossiyaning 25 ta sayyohlik kompaniyasi “Ipak yo‘lida turizm 2015” XXI Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida qatnashmoqda. “RIA Novosti” xabariga ko‘ra, Rossiya mazkur tadbirda ilk bor faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, Rossiya kompaniyalari 6-oktabr, seshanba kuni maxsus “Professional xaridor” dasturi doirasida qatnashib, O‘zbekiston tur-operatorlari bilan b2b (business to business) formatida uchrashuvlar o‘tkazgan. Umuman, yarmarkada 25 mamlakatning 400 dan ortiq firma va kompaniyalari qatnashmoqda.
Rossiya rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda inqirozli holatlar sabab Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi sayyohlik oqimi biroz sustlashgan bo‘lsa-da, umuman olganda, barqarorlik mavjud. “Rosturizm” ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yili O‘zbekistondan Rossiyaga 2,5 millionta safar amalga oshirilgan bo‘lsa, Rossiyadan O‘zbekistonga 127 ming marta sayohat qilingan.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda turli davr va sivilizatsiyalarga oid 7 mingdan ortiq yodgorliklar mavjud. Jahon turizm va sayohatlar kengashi O‘zbekistonni “sayyohlik portlashi” yuz berishi kutilayotgan besh mamlakatning biri sifatida e’tirof etgan.
O‘zbekistonda turizmning o‘sishi keyingi o‘n yilda yiliga 6,2 foizni tashkil etadi. 2014-yili O‘zbekistonga 1,938 milliondan ortiq chet el mamlakatlari fuqarolari tashrif buyurdi, bu bir yil avvalgi ko‘rsatkich — 2,028 milliondan 4,5 foizga kam. Qayd etish joiz, 2013-yilgi natija 1997-yildan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Izoh (0)