Fransiya hukumati Rembrandtning suratlarini sotib olish uchun 80 million yevro ajratishga tayyor. Bu haqda, “TASS” xabariga ko‘ra, mamlakat Madaniyat vazirligi ma’lum qilgan — vazirlik mazkur savdoni moliyalashtirishga “Bank de Frans”ni jalb etgan.
Milliarder Rotshildlar oilasi yaqin vaqt ichida gollandiyalik mashhur rassomning ikki suratini 160 million yevro evaziga sotuvga qo‘ymoqchi. Mazkur suratlarda moliyaviy masalalar bilan shug‘ullanuvchi golland davlat arboblari tasvirlangan. Har ikkala surat Rembrandt tomonidan 1634-yilda chizilgan.
21-sentabr kuni Gollandiya hukumati mazkur suratlarning Amsterdam Qirollik muzeyi (Reyksmuzeum) uchun sotib olinishini qisman moliyalashtirishga tayyor ekanligini ma’lum qilgandi. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, suratlarni sotib olish bo‘yicha operatsiya Fransiya va Gollandiya hukumatlari ishtirokida birgalikda amalga oshiriladi.
Suratlarni navbatma-navbat Gollandiya va Fransiyadagi muzeyda namoyish etish rejalashtirilgan. So‘nggi 150 yil davomida mazkur suratlar faqat bir marta — 1956-yili Gollandiyada namoyish etilgan va ular haqida keng omma deyarli hech narsa bilmaydi.
Izoh (0)