Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) parlament saylovlari vaqtida respublika davlat idoralari saytlariga xakerlik hujumlari uyushtirilishi ehtimolini inkor etmayapti va ularning oldini olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda, “RIA Novosti” xabariga ko‘ra, MXDQ rahbari Busurmanqul Tabaldiyev ma’lum qildi.
“MXDQ saylov kunlari xakerlik hujumlari ro‘y bermasligi ustida ishlamoqda”, — dedi idora rahbari parlament saylovlari davrida xavfsizlik va tartibni saqlash bo‘yicha kengash majlisida.
“Biz Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib biometrik ma’lumotlar asosida saylovlarni uyushtiryapmiz, shu sababli ham xalqaro kuzatuvchilar tomonidan yuqori darajada e’tibor qaratilmoqda. Bizning vazifamiz — haqqoniy va shaffof saylovlarni o‘tkazish”, — dedi Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariyev.
Qirg‘iziston parlamentiga saylovlar 2015-yil 4-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Saylov ishtirok etish istagini 34 ta partiya bildirgan bo‘lsa-da, faqat 14 ta partiya saylovga qo‘yildi.
Mazkur saylov Qirg‘iziston tarixida ilk bor aholining biometrik ma’lumotlari asosida tuzilgan ro‘yxat asosida o‘tkaziladi. Barcha saylov uchastkalariga elektron hisoblovchi urnalar joylashtirilgan bo‘lib, ular saylov yakunlari haqidagi axborotni avtomatik tartibda Markaziy saylov komissiyasiga jo‘natadi.
Izoh (0)