Taniqli bokschi Menni Pakyao Indoneziyaning Jokyakarta shahridagi qamoqda saqlanayotgan va o‘limga mahkum etilgan filippinlik ayolni ko‘rgani bordi va uni afv etishga chaqirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Advokat Edre Olalianing so‘zlariga ko‘ra, Pakyao o‘z ayoli bilan birga qamoqdagi Meri Jeym Velosoni ko‘rgani borgan va bir soatga yaqin vaqt davomida shu yerda bo‘lgan.
Veloso 2010-yili giyohvand moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, o‘limga mahkum etilgan edi. O‘shanda Jokyakarta aeroportida uning bagajidan geroin topilgan.
Veloso aprel oyida qatl etilishi kerak edi, biroq so‘nggi lahzada hukmni ijro etish qoldirildi. Ayni vaqtda, boshqa to‘qqiz nafar ayblanuvchi, xususan, sakkiz nafar chet ellik baribir qatl etildi.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Velosoni faqat afv qutqarib qolishi mumkin, chunki qolgan barcha instansiya sudlarida ayol mag‘lub bo‘lgan.
Izoh (0)