KXDR hukumati ijtimoiy tuzumga zarar yetkazuvchi adabiyotlar, shuningdek, ichida turli ma’lumotlari bor elektron tashuvchilarning mamlakat hududiga kirib kelishini oldini olish maqsadida chegaradagi nazoratni kuchaytirish haqida ko‘rsatma berdi. “TASS” xabariga ko‘ra, bu haqdagi bildirishnoma Pxenyandagi barcha chet el vakolatxonalariga, shuningdek, diplomatik missiyalar va xalqaro gumanitar tashkilotlarning idoralariga yetkazilgan.
KXDR Tashqi ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, mamlakatga tashrif buyurayotgan ba’zi sayyohlar turistik zonalarda “mamlakat sha’nini yerga uruvchi va uning ijtimoiy tuzumiga zarar yetkazuvchi ig‘vogarona tashviqot” ma’lumotlaridan iborat bosma mahsulotlar va xotira kartalarini tashlab ketmoqda. Pxenyan bunday amaliyotni “mamlakatning rasmiy manfaatlariga tahdid sifatida” baholamoqda.
2014-yil sentyabrida Shimoliy Koreya hukumati chet el elchixonalari va konsulliklariga simsiz aloqadan, jumladan, yo‘ldosh aloqasi va Wi-Fi texnologiyasidan beruxsat foydalanishni taqiqlagan edi. Mazkur chora “mamlakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida” ko‘rilayotgani qayd etib o‘tilgandi.
Izoh (0)