Toyota avtokonsernining lyuks avtomobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘linmasi – Lexus parvoz qila oladigan skeytbord – xoverbordning amaldagi modelini ishlab chiqdi. Bu haqda RBC.ru xabar bermoqda.
Lexus saytida xabar berilishicha, qurilma suyuq azot bilan sovitilgan yuqori o‘tkazgichlar va magnitlar yordamida ishlaydi. Bloomberg’ning qayd etishicha, hozircha mazkur qurilma sotuv uchun mo‘ljallanmagan.
Agentlikning yozishicha, xoverbord foydalanayotgan tamoyil asosida magnit yostiqchasida harakatlanadigan yapon poyezdlari o‘tgan yili tezlik rekordini o‘rnatgan edi. Avvalroq Toyota uchar avtomobillarni ishlab chiqarish haqida o‘ylayotganini ma’lum qilgandi.
Lexus faqatgina maxsus qoplamali sathda ucha oladigan xoverbord prototipini shu yil yozda Barselonada sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Mazkur qurilma haqida 2015-yil 21-oktabr kuni bo‘ladigan maxsus tadbirda batafsil axborot beriladi.
Ushbu sananing tanlanishiga sabab, 1989-yili suratga olingan “Kelajakka qaytib-2” fantastik filmi qahramonlari aynan shu – 2015-yilning 21-oktabr kuniga tushib qolishadi. Bu filmda ko‘plab kelajak texnologiyalari ko‘rsatilgan bo‘lib, ular orasida xoverbord ham bor edi.
Izoh (0)