Xitoyning Uxan shahrida yengil atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida 7-o‘rinni egalladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga oltin medallarni Svetlana Radzivil (balandlikka sakrash) va Yekaterina Voronina (yettikurash) keltirdi. Nayza uloqtirish musobaqasida Bobur Shokirjonov kumush (79 m 09 sm), 10 kilometr masofaga yugurish bahsida ishtirok etgan Andrey Petrov (30 daqiqa-yu 20.68 soniya) esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Osiyo chempionatida 15 ta oltin, 13 ta kumush va 13 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Xitoy terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi, qatarlik atletlar ikkinchi (7-2-1), Hindiston vakillari esa uchinchi (4-5-4) o‘rinni band etdi.
Ushbu jadvalda Yaponiya termasi to‘rtinchi (4-3-11), bahraynliklar beshinchi (3-3-2) va nihoyat BAA atletlari oltinchi (3-1-0) o‘rinlarni band etdi. Kuchli o‘nlikdan Xitoy Taypeyi (1-4-1, 8-o‘rin), Qozog‘iston (1-3-3, 9-o‘rin) va Janubiy Koreya terma jamoasi (1-1-1) joy oldi.
Izoh (0)