KXDR yetakchisi Kim Chen In Koreya Mehnat partiyasining 10-oktabrda nishonlanadigan 70 yilligi munosabati bilan yangi sun’iy yo‘ldoshni koinotga uchirishga buyruq berdi, deb xabar qiladi “RIA Novosti”.
Ma’lumotlarga qaraganda, Kim Chen In bu buyruqni Davlat Kosmik tadqiqotlar boshqarmasiga 2015-yil boshida bergan.
Sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish Pxenyan tomonidan tinchlik maqsadida ekanligi bilan izohlanayotganiga qaramay, KXDR ulardan yadro kallaklariga ega qit’alararo ballistik raketa sifatida foydalanishi mumkinligi xabar qilinmoqda. Shimoliy Koreya oxirgi marta 2012-yilda “Inxa—3” tashuvchi raketasida sun’iy yo‘ldoshni samoga uchirgandi.
Yaponiyalik mutaxassislar fikriga ko‘ra, KXDRning ballistik raketalari 10 ming kilometr masofani bosib o‘tib, AQShning g‘arbiy qirg‘oqlarigacha yetib borishi mumkin.
Janubiy Koreyaning Ryonxap agentligi xabariga ko‘ra, 2013-yil oxiridan beri Shimoliy Koreya Tonchxanni qishlog‘ida uchish maydoni qurmoqda. Qurilish ishlari yakuniga yetganda bu yerdan uzunligi 40—43 metr bo‘lgan raketalarni uchirish mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)