Londonning “Tottenhem” klubi yaqin kunlar ichida “Kristal Pelas” yarim himoyachisi Eberechi Ezeni o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin. Bu haqda TalkSport nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, klublar o‘rtasidagi kelishuv summasi taxminan 60 million funt sterlingni (69 million yevro) tashkil etadi. “Kristal Pelas” futbolchini sotishga tayyor, biroq transfer amalga oshishidan avval Ezega munosib o‘rinbosar topishni istamoqda.
“Tottenhem” jamoa yetakchilaridan biri Jeyms Meddisonning jarohati sabab imkon qadar tezroq hujumkor yarim himoyachi bilan shartnoma imzolashni maqsad qilgan. Shuningdek, Son Hyon Min ham AQSH klubiga transfer qilingani ortidan hujum chizig‘ida kadrlar yetishmasligi borasida muammolar yuzaga kelgan. Avvalroq London klubi “Nottingem Forest” a’zosi Morgan Gibbs-Uayt bilan shartnoma tuzishga urinib ko‘rgan, biroq “o‘rmonchilar” futbolchini sotishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng “shporlar” bor e’tiborni Eberechi Ezega qaratdi va u bu pozitsiya uchun ideal nomzod sifatida qaralmoqda.
- 26 yoshli ingliz yarim himoyachisi o‘tgan mavsum barcha musobaqalar doirasida jami 43 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 14 ta gol va 11 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan.
- Ezening “Kristal Pelas” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan.
- Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 55 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)