Nigeriyaning Katsina shtatida 19-avgust kuni qurollangan shaxslar namoz vaqtida masjidga hujum qildi. Oqibatda kamida 27 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera ma’lum qildi.

Mahalliy aholiga ko‘ra, hodisa Malumfashi tumanidagi Unguvan Mantau qishlog‘ida bomdod namozi o‘qilayotganda yuz bergan. Qurollangan shaxslar mahalliy vaqt bilan soat 04:00 atrofida masjid ichida o‘t ochgan. Hujum uchun hozircha hech kim javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
So‘nggi yillarda Nigeriyaning shimoli-g‘arbiy va shimoli-markaziy hududlarida bunday hujumlar tez-tez sodir bo‘lmoqda. Bu hududlarda chorvadorlar va dehqonlar cheklangan yer hamda suv resurslari uchun ko‘pincha to‘qnashuvga kirishadi. Masjidga uyushtirilgan hujum oqibatida yaralanganlar ham borligi aytilmoqda.
Kelgusidagi hujumlarning oldini olish maqsadida Unguvan Mantau hududiga armiya va politsiya kuchlari joylashtirilgan. Qurollangan guruhlar ko‘pincha yomg‘irli mavsumda ekinzorlar orasiga yashirinib, qishloqlarga hujum qiladi.
Iyun oyida Nigeriyaning Benue shtatida bo‘lib o‘tgan teraktda 100 dan ortiq odam halok bo‘lgandi. Amnesty International tashkiloti hukumatni “har kuni sodir bo‘layotgan qon to‘kilishlarni” to‘xtatishga chaqirgan
Izoh (0)