Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon suv ta’minoti” direktori xodimlarga nisbatan o‘rinsiz so‘zlar ishlatgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat “O‘zsuvta’minot” odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tizimida xizmat intizomi, professional etika va xodimlarning sha’ni hamda qadr-qimmatini hurmat qilish doimiy ravishda asosiy tamoyil sifatida belgilangan. Bu borada boshqaruv raisining tegishli buyrug‘i bilan aksiyadorlik jamiyati va tizim tashkilotlari xodimlarining odob-axloq qoidalari tasdiqlangan bo‘lib, unda barcha rahbar va xodimlarga xushmuomala, odobli, adolatli, hamkasblar va fuqarolarga nisbatan hurmatda bo‘lish talablari aniq belgilab qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan, ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon suv ta’minoti” AJ direktori D. Qo‘ldoshevning xodimlarga nisbatan noo‘rin so‘zlar ishlatgani haqidagi ma’lumotlar “O‘zsuvta’minot” AJ odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, D.Qo‘ldoshev internetda tarqalgan haqoratli so‘zlari uchun xodimlardan uzr so‘ragan va bu holat boshqa takrorlanmasligi bo‘yicha izoh bergan. Komissiya qaroriga muvofiq mazkur holat bo‘yicha D.Qo‘ldoshevga nisbatan qattiq ogohlantirish berilib, agar bunday qoidabuzarlik yana qaytarilsa, Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.
“Andijon suv ta’minoti” AJ moliya-iqtisod masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.Yuldashev ustidan kelib tushgan murojaatlar soni ortgani sababli, unga Mehnat kodeksining 312-moddasi 1-qismiga muvofiq “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Izoh (0)