AQShning Texas shtati Ueyko shahridagi barlardan birida baykerlar guruhlari o‘rtasida yuzaga kelgan nizo tufayli 192 kishi hibsga olindi, deya xabar bermoqda Reuters. To‘qnashuvlarda to‘qqiz kishi halok bo‘lib, yana 18 kishi jarohat olgan edi.
Qo‘lga olinganlarga tashkillashtirilgan jinoiy faoliyatda qatnashganlik bo‘yicha ayblov qo‘yilishi mumkin.
Alkogolli ichimliklar bo‘yicha Texas komissiyasi shahar savdo markazida joylashgan Twin Peaks sport-barini yetti kunga yopishini e’lon qildi. Komissiya hodisa bo‘yicha o‘z tergovlarini olib bormoqda va qo‘shimcha choralar ko‘rishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, mototsiklchilar o‘rtasidagi janjal shahardagi restoranlardan birida yuzaga kelgan. Keyin esa yaqin atrofdagi avtoturargohlardan birida mushtlashuv boshlangan.
Mushtlashuv uyushtirganlar avvaliga pichoq, zanjir va rezina tayoq kabi sovuq qurollardan foydalangan, keyin esa o‘t ochishga tushgan. Sakkiz kishi voqea joyida, yana bir kishi shifoxonada vafot etgan.
Izoh (0)