Italiya terma jamoasi sentyabr va oktyabr oylarida 2026-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida Isroil bilan o‘yin o‘tkazishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Italiya murabbiylari assotsiatsiyasi mamlakat futbol federatsiyasi prezidenti Gabriel Gravina nomiga murojaat qilib, undan Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) va Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA)ga rasmiy so‘rov yuborishni talab qildi. Unda Isroil terma jamoasini vaqtincha xalqaro musobaqalardan chetlatish so‘ralmoqda. Bu haqda ANSA agentligi xabar berdi.

Bunday murojaatning sababi sifatida G‘azo sektoridagi vaziyat ko‘rsatildi. Assotsiatsiya prezidenti Renzo Uliveyri holat haqida shunday dedi:
Insoniy qadriyatlar bizni zulm va uning og‘ir oqibatlariga qarshi qat’iy turishga chaqiradi. Faqatgina o‘z manfaatimizni o‘ylab, vaziyatni befarq qoldirish esa adolatga zid.
Assotsiatsiya vitse-prezidenti Jankarlo Kamoleze esa qo‘shimcha qildi:
Juda ko‘p begunoh insonlar hayotdan ko‘z yumdi. Ularning orasida sportchilar ham bor. Bu esa xalqaro darajada chora ko‘rish uchun yana bir sababdir.
Ma’lumot uchun, Italiya va Isroil terma jamoalari 2026-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichida bir guruhda ishtirok etmoqda. Tomonlar 8-sentabr kuni Vengriyada (neytral maydon), 14-oktabrda esa Italiya shahri Udineda o‘zaro o‘yin o‘tkazadi. 3-turdan keyin Isroil terma jamoasi 6 ochko bilan guruhda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Italiya esa ikki uchrashuvdan so‘ng 3 ochko jamg‘arib, uchinchi pog‘onada turibdi.
Izoh (0)