Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) va Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) agar Ispaniya hukumati federatsiya ishlariga aralashaversa, ispan klublari va terma jamoalarini xalqaro musobaqalardan chetlashtirishi haqida ogohlantirdi, deb xabar beradi “TASS”.
UEFA va FIFA qoidalari milliy federatsiyalarning ishiga uchinchi shaxslarning aralashuvini taqiqlaydi. Agar taqiq buzilsa, mamlakat klub va terma jamoalari barcha xalqaro musobaqalardan chetlashtiriladi.
6-may kuni Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi professional futbolchilar kasaba uyushmasi iltimosiga binoan 16-maydan boshlab barcha ichki turnirlarni to‘xtatishga qaror qilgandi. Ispaniya futbol federatsiyasi sport tadbirlarini namoyish etish huquqini sotish bo‘yicha kollektiv kelishuvlarga tegishli yangi qonundan norozi.
Yangi qonunga ko‘ra, futbolchilar 2016/17-yilgi mavsumdan boshlab televizion huquqlardan tushadigan foydadan foiz olmaydi. Bundan tashqari, 90 foiz daromad yuqori divizion klublariga, 10 foizi esa ikkinchi divizion jamoalariga beriladi.
Kasaba uyushmasi rahbarlarining fikriga ko‘ra, bu qonun havaskorlar va ayollar futbolini o‘ldiradi, bundan tashqari quyi liga klublariga og‘ir zarba bo‘ladi.
Mamlakat futbol federatsiyasi prezidenti Anxel Mariya Vilyar Ispaniya hukumatini FIFA sanksiyalaridan ogohlantirgan.
Izoh (0)