11-may kuni O‘zbekiston davlat san’at muzeyida “Genri Mur ijodidan ilhomlanib” ko‘rgazmasi ochildi, deb xabar qiladi UzDaily.
Ko‘rgazmadan Genri Murning izdoshi, zamonaviy britaniyalik rassom Sara Jillet tomonidan o‘tkazilgan mahorat darsida qatnashgan rassomchilik o‘quv yurtlari talabalari, o‘qituvchilari va erkin rassomlarning 40 dan ortiq toshbosma usulidagi ishlari joy olgan.
Mahorat darslari vaqtida Genri Murning toshbosmalaridan ilhomlangan ishtirokchilar ko‘rgazma uchun o‘zlarining kolleksiyalarini taqdim etdi. Bu ekspozitsiya ikki qismdan iborat: birinchi qismi bevosita mahorat darsi jarayonida amalga oshirilgan ishlardan, ikkinchisi qatnashchilarning seminar yakunlari bo‘yicha qilgan ijodiy ishlaridan tashkil topgan.
Ushbu mahorat darslari ilmiy maqsadlar yo‘lida videoga olindi va san’at sohasida mutaxassislarni tayyorlaydigan 4 ta o‘quv yurtida o‘quv dasturiga kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Genri Mur: grafika ustasi” ko‘rgazmasi 19-fevraldan 30-maygacha o‘tkaziladi. Hozirgacha 9 mingdan ortiq Toshkent aholisi va mehmonlari ko‘rgazmaga tashrif buyurdi.
Izoh (0)