“Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Intellect2All axborot texnologiyalari loyihalari bo‘yicha respublika tanlovida ishtirok etish shartlarini e’lon qildi. Bu haqda Uzbekistan Today xabar bermoqda.
Intellect2All – 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, axborot texnologiyalariga qiziqqan, o‘zining ilg‘or g‘oyalarini amalga oshirishga urinayotgan o‘g‘il-qizlar ishtirok etish mumkin bo‘lgan tanlovdir. Tanlovda yoshlar o‘zlarini uch nominatsiyada sinab ko‘rishlari mumkin: veb-ilovalar, mobil ishlanmalar va virtual hayot uchun ilovalar ishlanmasi (Oculus Rift va Google Cardboard uchun ilovalar).
O‘zbekistonning to‘rt hududida bo‘lib o‘tadigan tanlov saralash bosqichida qatnashchilar jamoalarga bo‘linib, jamoa loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqishadi. Shundan so‘ng yoshlar trener-o‘qituvchilari bilan birga loyihani tayyorlash ustida ishlab, erishgan natijalari taqdimotini o‘tkazishadi.
Eng yaxshi natija ko‘rsatgan jamoalar final bosqichiga yo‘llanma oladi va tanlov bosh sovrini – loyihani hayotga tatbiq etish uchun boshlang‘ich pul mukofoti uchun kuch sinashadi. Shuningdek, g‘oliblar axborot texnologiyalarining xorijdagi eng so‘nggi yangiliklariga bag‘ishlangan bir qator mahorat darslari va taqdimotlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Izoh (0)