Jizzax viloyati Qorako‘l birlashmasiga qarashli “Qizilqum” shirkat xo‘jaligida qisqa muddat rahbarlik qilgan fuqaroning 2011—2013-yillardagi faoliyati noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirishdan iborat bo‘ldi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Bosh hisobchi, ikki nafar bosh cho‘pon va 20 nafar cho‘pon uquvsiz rahbarning jinoyatlariga sherik bo‘ldi. Natijada umumiy bahosi 606 million 306 ming so‘mlik 2919 bosh mayda shoxli mollar ba’zan naqd pulga, ba’zan natura shaklida sotib yuborildi.
Jinoyatni yashirish maqsadida soxta yuk xatlari, ishonchnomalar, to‘lov qaydnomalari tuzilib, xo‘jalik hisobxonasiga kirim qilindi. Forish tuman statistika bo‘limi va boshqa tegishli idoralarga soxta hisobot va ma’lumotnomalar taqdim etib borildi.
Mollarga qiron keltirilgach, soliq va majburiy to‘lovlardan qarzdorlik ham ortib, 2013-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, 461 million so‘mdan oshib ketdi. Rahbar va bosh hisobchi esa soliqlarni to‘lashdan bosh tortdi.
Sotilgan teri, jun, go‘sht mahsulotlaridan tushgan naqd pul mablag‘larining 362 million so‘mdan ziyodrog‘ini ham rahbar turli maqsadsiz to‘lovlarga sovurib yubordi.
Ularning qilmishi sudda ko‘rilib, jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlandi hamda davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar javobgar shaxslardan undirib olindi.
Izoh (0)