Bugungi kunda “Rokfeller kabi badavlat” degan ibora o‘z dolzarbligini yo‘qotdi. Forbes nashri hisoblab chiqishicha, neft magnati oilasi 10 milliard dollarlik mablag‘ bilan AQShdagi eng boy oilalar ro‘yxatida “atigi” 24-o‘ringa tushib qolgan. Bu haqda Gazeta.ru xabar berdi.
Reytingga ko‘ra, AQShda 1 milliard dollardan ko‘p sarmoyaga ega 185 ta oila istiqomat qiladi. Ushbu ro‘yxatda birinchi o‘rinni 152 milliard bilan 1962-yilda asos solingan Wal-Mart do‘konlar tarmog‘i egalari egalladi. Tarmoqning o‘tgan yilgi daromadi 476 milliard dollarni tashkil etdi.
Ikkinchi pog‘onani 89 milliard dollar sarmoya bilan Koch Industries kompaniyasi egalari aka-uka Koxlar band etdi. Xoldingning yillik daromadi 115 milliard dollarga teng.
Reytingning uchinchi o‘rnini esa amerikalik “shokolad qirollari” — Mars oilasi 60 milliard dollar bilan egalladi. Mars, Bounty, Snickers, Twix kabi taniqli brenddagi shokolad batonlarini ishlab chiqaruvchi Mars kompaniyasi 1911-yilda tashkil qilingan.
Ro‘yxatdan Campbell Soup Company — konservalangan sho‘rva ishlab chiqaruvchi kompaniya egasi Dorranslar oilasi (12,8 milliard dollarlik aktivlar bilan), vino ishlab chiqaruvchi E&J Gallo Winery kompaniyasi asoschilari Gallo oilasi (9,7 milliard dollar), Enterprise Products neft-gaz kompaniyasi asoschilari Dunkanlar oilasi (25,4 milliard dollar) va boshqalar o‘rin olgan.
Izoh (0)