Osiyo futbol konfederatsiyasi sobiq prezidenti qatarlik Muhammad bin Hammam FIFA ijroiya qo‘mitasi 2022-yildagi jahon chempionatida mezbon sifatida Qatarni tanlashi uchun besh million dollar miqdorida pora bergan. Bu haqda The Sunday Times xabar berdi.
Britaniya nashrining izlanishlari bin Hammamga tegishli bo‘lgan elektron xatlar, hujjatlar va bank hisoblariga asoslangan.
Qatarlik FIFA ijroiya qo‘mitasida qit’a vakillarini saylash bilan shug‘ullangan Afrika milliy futbol federatsiyalarining 30 tasiga 200 ming dollargacha to‘lagan. Bundan tashqari, u mehmondorchiliklar uyushtirib, u yerda saylovga aloqador shaxslarga naqd pul tarqatgan.
Bin Hammam ijroiya qo‘mitasi a’zolaridan biri bo‘lgan. 2010-yil dekabrida u 2018- va 2022-yillardagi jahon chempionatlari mezbonlarini saylashda qatnashgan. Bir yildan so‘ng tashkilot prezidentini saylashda pora oldi-berdisida ishtiroki uchun FIFAdan diskvalifikatsiya qilingan.
Endi qatarliklar mezbonlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu holat bo‘yicha FIFA mutasaddisi Maykl Garsiya surishtiruv olib bormoqda.
Izoh (0)