AQShning Michigan shtati Universiteti olimlari go‘ngdan toza suv olish texnologiyasini ishlab chiqishdi. Ularning aytishicha, ushbu ixtiro sayyoramizning qurg‘oqchil hududlarida ayniqsa talabgir bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.
“Biogen moddalarni ajratish tizimi” deb nomlangan qurilma ustida bundan o‘n yilcha avval ish boshlangan. Uning asosida qishloq xo‘jaligi chiqindilarini organik o‘g‘itlarga aylantirish va energiya olishda ishlatiladigan anaerob achitish uskunasi mavjud. Bundan tashqari, unga ultrafiltrlash va havo orqali haydash hamda teskari osmos moslamalari o‘rnatilgan. Go‘ngning ushbu qurilmadan o‘tishi natijasida toza suv hosil bo‘ladi, uni chorva mollariga ichirish mumkin bo‘ladi.
Texnologiya mualliflaridan biri Stiv Safferman so‘zlariga ko‘ra, go‘ngning 90 foizini suv tashkil qiladi. Shu bilan birga, uning tarkibida atrof-muhitga zararli bo‘lgan katta miqdordagi biogen moddalar, uglerod va kasallik qo‘zg‘atuvchilar bor. Yangi qurilma ushbu moddalarni ajratib oladi, ular keyinchalik o‘g‘it ishlab chiqarishda qo‘llanilishi mumkin.
Yangi tizim 1 kub metr go‘ngdan 0,5 kub metr suv olish imkonini beradi. Kelajakda ushbu ko‘rsatkichni oshirish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)