To‘rt nafar qizni tarbiyalash hatto “Mo‘jizakor ayol” qahramoni uchun ham oson ish emas. 39 yoshli aktrisa Gal Gadot farzandlarni tarbiyalash va muvaffaqiyatli karyera qurish bilan birdek shug‘ullanib kelmoqda. Aktrisa DuJour nashriga bergan intervyusida bu boradagi qiyinchiliklari haqida so‘zlab berdi.

Bugungi kunda Gal Gadot turmush o‘rtog‘i — prodyuser va tadbirkor Yaron Versano bilan 13 yoshli Alma, 8 yoshli Mayya, 3 yoshli Daniella va 1 yoshli Ori tarbiyasi bilan band. Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda tobora rivojlanib borayotgan ijtimoiy tarmoqlar bolalarning asosiy dushman bo‘lib qolmoqda.
“Ijtimoiy tarmoqlardagi shiddat bilan keladigan ma’lumotlar, qisqa videolar, filtrlangan suratlar va soxta hayot tasviri bolaning ongini zaharlaydi, Instagram’da tavsiya etilgan postlar esa miyani keraksiz ma’lumotlar bilan to‘ldiradi. Bolalar bunday kontent filtrlangan va retushlanganini bilishmaydi. Men ularga doim barchasi yolg‘on ekanini aytaman. Qiz bola uchun ijtimoiy tarmoqlar chalkashlikka olib boradigan virtual dunyodir”, dedi aktrisa.

Gal Gadot kenja qizining dunyoga kelishi ayniqsa qiyin bo‘lgan. Aktrisaning aytishicha, homiladorlikning sakkizinchi oyida uning miyasida tromb aniqlangan. Malakali shifokorlar uni qutqarish uchun barcha choralarni ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan va xatar ortda qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Gal Gadot 2024-yilning mart oyida to‘rtinchi qizini dunyoga keltirgan edi. Aktrisa ushbu quvonchli voqeani ijtimoiy tarmoqlarda baham ko‘rdi.
Izoh (0)