Ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmagan bola Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi.

Keltirilishicha, samolyot bortida Rossiya Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamrohligida, ota-ona qaramog‘isiz qolgan, voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi olib kelindi.
Voyaga yetmagan bola Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga vaqtincha joylashtirildi.
Bolani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ko‘magida oldindan tayyorlangan ota tarafdagi oilasi kutib oldi. Voyaga yetmagan fuqaro uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari uning doimiy yashash joyida davom ettiriladi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining samarali hamkorligi natijasida 2025-yil 13-may holatiga qadar jami 54 nafar voyaga yetmagan fuqaro vatanga qaytarildi.
Xorijdan O‘zbekistonga qaytarilgan bolalar
2024-yil avgust—sentyabr oylarida xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgandi. Oktyabr oyida Rossiyada qarovsiz qolgan 8 oylik chaqaloq O‘zbekistonga, ota-onasi bag‘riga qaytarildi. Moskvadagi voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markazidan 4 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi. O‘sha oyda Turkiyada ota-onasining qarovisiz qolib ketgan uch nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Noyabrda Dubayni tark etish taqiqlangan o‘zbekistonlik bolaga vatanga qaytishiga yordam berildi. Dekabrda Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 15 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.
Shuningdek, Rossiyaning Tiva Respublikasi Oq Dovurak shahrida vaqtincha ishlayotgan va hujjatlarini yo‘qotgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgandi.
Izoh (0)