Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainaga faqat bitta shart bilan “mavjud bo‘lish” huquqi berilishini aytdi. U mazkur shart Rossiya anneksiya qilgan hududlardan voz kechish hisoblanishini bildirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin aynan shu talabni urushni to‘xtatish sharti sifatida ilgari surgan edi.
Ukraina odamlarni qo‘yib yuborsa, mavjud bo‘lish huquqiga ega bo‘ladi. Ular “terrorchilar”, “maxluqlar” deb atayotgan, Novorossiya, Donbass va Qrimda o‘tkazilgan bir nechta referendumlarda o‘zlarini rus madaniyatiga mansub deb hisoblagan odamlarni qo‘yib yuborsa, dedi Lavrov.
Rossiya tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Ukraina hukumati go‘yo “barcha ruslarni yo‘q qilishni” o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini da’vo qildi. Ukrainaga beriladigan har qanday xavfsizlik kafolatlari “Rossiyaning asosiy manfaatlarini” inobatga olishi kerakligini aytdi.
Eslatib o‘taman, Ukraina tomoni 2022-yil aprel oyida ushbu urushga chek qo‘yishi mumkin bo‘lgan hujjatni taqdim etishga rozi edi. U Ukrainaning betaraf, bloklarga qo‘shilmaydigan, yadrosiz davlat bo‘lishi haqidagi bayonot bilan boshlanardi, dedi vazir.
U prezident Vladimir Zelenskiyni “amaldagi rejim boshlig‘i” deb atagan, biroq uning qonuniyligiga shubha bildirgan. Lavrovning ta’kidlashicha, “Ukraina Konstitutsiyasiga muvofiq” Zelenskiyning prezidentlik vakolati tugagan. Shunga qaramay, Putin Ukraina rahbari bilan “uchrashishga tayyor”ligi, ammo hujjatlarni imzolash uchun “qonuniy shaxs imzo qo‘yishi kerakligi”ni ta’kidlagan.
Lavrov, bundan tashqari, Rossiya “hech qachon va hech qanday vaziyatda” tinch aholiga qarshi hujum qilmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya razvedkasida “ishonchli ma’lumotlar” mavjud va hujumlar go‘yoki faqat harbiy obyektlar hamda qurol-yarog‘ ishlab chiqarishga aloqador korxonalarga qaratilgan.
Maʼlumot uchun Ukrainada 2023-yil oktyabr oyida Oliy Rada deputatlari uchun, 2024-yil martida Ukraina prezidentligi uchun saylovlar, 2025-yilning oktyabr oyida esa mahalliy saylovlar o‘tkazilishi kerak edi. Ukrainadagi harbiy holat tufayli ular o‘tkazilmadi. Mamlakat Konstitutsiyasi harbiy holat paytida prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlamaydi. Biroq bunday taqiq “Harbiy holatning huquqiy rejimi to‘g‘risida”gi qonun darajasida belgilangan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha bor muzokaralar “qonuniyligini yo‘qotgan” Ukraina davlat rahbari bilan o‘tkazilmasligini da’vo qilgandi. Chunki Putinning fikricha, Vladimir Zelenskiy “noqonuniyligi tufayli hech narsa imzolashga haqli emas”.
Izoh (0)