Belarusda mamlakat ehtiyojlarini qondirish va ortiqchasini Rossiyaga sotish uchun yetarli miqdorda kartoshka yetishtirish zarur. Bu haqda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.

Ko‘p gap-so‘zlar bo‘lyapti. Ayniqsa, Rossiya prezidenti huzuridagi yig‘ilishdan so‘ng, u kartoshka haqida hazillashdi. Ammo biz uchun bu juda jiddiy masala... Nima bo‘lganda ham, kartoshka yetishtirishni yaxshi bilamiz, dedi Lukashenko.
U belaruslarga ham, Rossiyaga ham yetadigan darajada kartoshka yetishtirish vazifasini qo‘ydi. Prezidentning aytishicha, Belarus “rus birodarlar”ga yordam ko‘rsatishi lozim.
Buning ustiga, bu xayriya emas. Bu yaxshigina daromad va narxlar degani, deya ta’kidlagan u.
Lukashenkoning bayonoti Rossiya va Belarusda kartoshka tanqisligi hamda qimmatlashishi kuchaygan bir paytda yangradi. Bundan oldin prezident Vladimir Putin Rossiya do‘konlarida sabzavot yetishmasligi muammosini tan olgan edi. Rossiya prezidentiga ko‘ra, biznes vakillari bilan uchrashuvdan so‘ng u “kartoshka yetishmayotganini” aniqlagan.
Aleksandr Lukashenko bilan gaplashdim. U “Biz allaqachon hamma narsani Rossiyaga sotib yubordik”, dedi, degan edi Putin.
Kartoshka taqchilligi
Rossiyada chakana kartoshka narxi may oyi oxiriga kelib o‘tgan yilga nisbatan 173 foizga oshdi. Bu rasmiy statistikada so‘nggi 23 yil ichida qayd etilgan rekord hisoblanadi. Belarus yaqinda Yevroittifoqdan kartoshka va boshqa bir qator mahsulotlarni olib kirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Yevroittifoq davlatlari Belarus tomonidan “do‘st bo‘lmagan mamlakatlar” hisoblanadi.
Bunga qadar Lukashenko mamlakatda kartoshka tanqisligi kuchayganini tan olgan va bunda mahalliy fermerlarni ayblagandi. Uning aytishicha, fermerlar barcha kartoshkani narxi qimmatroq bo‘lgan Rossiyaga sotib yuborgan. Fevral oyida Lukashenko hukumatga kartoshka narxining oshishi bilan bog‘liq muammoni hal qilishni topshirgan. Undan oldinroq esa oziq-ovqat zaxiralarini shakllantirishni talab qilgan, biroq hukumat bu topshiriqlarni bajara olmagan.
Izoh (0)