Vladimir Putin bilan Rossiyaga muzokaralar o‘tkazish uchun uchib kelgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Yangi yilga unga to‘rt qop kartoshka va cho‘chqa yog‘i sovg‘a qildi. Bu haqda “Vesti.ru” xabar berdi.
“Bilishimcha, Rossiya prezidenti yaxshi cho‘chqa yog‘ini yaxshi ko‘radi”, — deydi Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmont. O‘tgan galgi tashrifida ham Lukashenko Putinga eng shirin yog‘ni olib kelgandi.
Sovg‘a juda qimmatli bo‘lib, kartoshka Belarus prezidentining polizidan terilgan.
Bir necha kun avval Aleksandr Lukashenko Putin bilan energomanbalarning narxlari va Rossiyaning soliq manyovri haqida telefon orqali gaplashganda, Lukashenko yarim hazil aralash Putinga nima sovg‘a olib kelishi haqida so‘ragan edi. Javob aynan shunday bo‘lgan: “Belarusdan yana nima so‘rash mumkin? Kartoshka va cho‘chqa yog‘i-da”.
Kartoshkalarning to‘rt xil navi keltirilgan! Har bir nav alohida tayyorlanish uchun mo‘ljallangan: qovurish, dranka, pyure va qaynatish uchun. Har bir qopga nav turlari yozib qo‘yilgan.
Bundan tashqari Yangi yilga Aleksandr Lukashenko MDH rahbarlariga eksklyuziv archa o‘yinchoqlari sovg‘a qildi. Sovg‘alar 6-dekabr kuni Sankt-Peterburgda o‘tgan Hamdo‘stlik mamlakatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida in’om qilindi. Shunday qilib Putin yangi yil oldidan yana ikkita qo‘shimcha sovg‘a oldi.
Putin bilan 29-dekabr kuni o‘tgan muzokaralardan so‘ng Lukashenko Qizil maydonda xokey o‘ynash taklifidan bosh tortdi. U Yangi yil oldidan uni Minskda qoldirib bo‘lmas ishlar kutayotganini bahona qildi.
Izoh (0)