Xonanda, raqqosa va qo‘shiqlar muallifi Britni Spirs 21-may payshanba kuni xususiy samolyotda shovqin-suron ko‘tardi. Voqea shu darajada jiddiy bo‘ldiki, rasmiy hokimiyat vakillari reysdan tushganida uni kutib oldi va qattiq ogohlantirish berdi. Bu haqda TMZ xabar berdi.

Pop yulduz o‘zining qo‘riqchilari bilan Meksikadan Los Anjeles aeroportiga uchayotgan edi. Qo‘shiqchi samolyot salonida spirtli ichimlik ichib, ochiqchasiga tamaki mahsulotlaridan foydalana boshlaganidan keyin mojaro yuzaga kelgan. Styuardessalar xavotirga tushib, unga bunday harakatlarini to‘xtatishni buyurgan, bir nechta ogohlantirishdan keyin Britni ularning talabini bajargan. Mazkur xabar tarqalgach, Spirs ijtimoiy tarmoqda vaziyatga izoh berdi:
“Agar kimnidir ranjitgan bo‘lsam, uzr so‘rayman, lekin negadir styuardessalar doim meni samolyotning eng oxirgi qismiga joylashtirishga harakat qiladi va o‘rnimdan turmasligimni nazorat qiladi! Aslida men samolyotga chiqqan zahotim ularga yoqmadim.
Dastlabki 20 daqiqa davomida hech kim yo‘q edi, lekin ular meni o‘rnimdan turishga ruxsat bermadi. Menga esa turish zarur edi! Ular o‘zlarini shunchalik g‘alati tutishdiki, go‘yo meni majburan joyimga o‘tkazmoqchidek edi. Ular meni xavfsizlik kamariga mahkam bog‘lab, shaxsiy chegaralarimni buzishdi va bu menga yoqmadi”, dedi xonanda.
Britniga yaqin bo‘lgan odamlar ham TMZ nashriga uning ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolar hanuz kundalik hayotiga xalaqit berayotganini tasdiqladi. Xonandaning ba’zi yaqinlari uni vasiylikdan juda erta ozod qilishgan, deb hisoblaydi.
Ma’lumot uchun, “Baby One More Time”, “Toxic”, “Everytime”, “Stronger” va ko‘plab hit qo‘shiqlar muallifi Britni Spirs faoliyati davomida 36 ta mukofot va 87 ta nominatsiyaga ega bo‘lgan. Qo‘shiqchi Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra dunyoning 100 ta eng nufuzli va mashhur insonlari ro‘yxatida 6-o‘rinni egallagan, 2010-yilda o‘n yillikning eng ko‘p albomi sotilgan xonanda va dunyodagi uchinchi eng nufuzli musiqachisiga aylangan. Faoliyati davomida 9 ta studiya albomini chiqarib, 30 milliondan ortiq plastinkasini sotishga muvaffaq bo‘lgan. U “Gremmi”, AMA, Billboard Music Awards, MTV Video Music Awards va Nick Teen Choice Awards kabi mukofotlarini qo‘lga kiritgan.
Izoh (0)