Amerikalik pop-xonanda Britni Spirs o‘zining Instagram sahifasida uyiga o‘g‘ri tushgani haqida xabar qoldirdi. Yulduzning so‘zlariga ko‘ra, endilikda u faqat arzon zargarlik buyumlarini xarid qiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘rilar xonadondagi barcha zargarlik buyumlarini olib ketgan va bu Britniga qimmatga tushgan. Ayniqsa, o‘marib ketilgan buyumlar orasida Britni uchun juda qadrli bo‘lgan va to‘rt yoshidan beri taqadigan xoch bor edi.
Xonanda holat yuzasidan politsiyaga murojaat qilmaslikni ma’qul ko‘rdi. Bundan keyin u qimmatbaho zargarlik buyumlarini sotib olishdan bosh tortdi. Chunki bunday holat yana yuz berishi mumkin.
“O‘g‘irlangan taqinchoqlarimning bir qismi men uchun maxsus yaratilgan edi. Endi esa bolaligimni yodga soluvchi xochim ham yo‘q. Hozirda biror yangi narsa sotib olishdan qo‘rqib qoldim”, — deb yozadi xonanda.
Avvalroq Los-Anjeles Oliy sudida amerikalik pop-yulduz Britni Spirs va uning otasi Jeymi Spirs o‘rtasidagi sud ishi yakunlanganligi, xonanda vasiylik va moliyaviy erkinlikka chiqqani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)