Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahri va Selvin tumanida kuchli yomg‘ir tufayli keng ko‘lamli suv toshqini boshlanganidan keyin favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vaziri Mark Mitchellga tayanib New Zealand Herald gazetasi xabar bermoqda.

“Kraystcherch va Kenterberidagi Selvin tumanida favqulodda holat e’lon qilindi”, deb yozadi nashr.
Bundan tashqari, soatiga 150 kilometr tezlikda esayotgan kuchli shamol mamlakat poytaxti Vellington shahriga yopirilib, tomlarga zarar yetkazgan, daraxtlarni qulatgan va yo‘llarni to‘sib qo‘ygan.
“Vellington aeroportidagi reyslar kamida kechki soat 6 gacha bekor qilindi. Poytaxtda yuzlab odamlar elektr ta’minotidan uzildi. Ulkan to‘lqinlar Vellington qirg‘oqlariga yopirilib, yo‘llarga chiqindilarni tashlab, avtomobil haydashni xavfli qilib qo‘ydi”, deyiladi xabarda.
Meteorologiya xizmati Vellingtondagi shamol haqida ogohlantirishni, halokatli bo‘ronlar va uchib ketayotgan jismlar hamda qulayotgan daraxtlardan hayot uchun xavfli bo‘lgan kamdan-kam uchraydigan qizil darajaga oshirgan.
Izoh (0)