Rossiya armiyasi 13-aprel kuni Ukrainaning Sumi shahriga ballistik raketalar bilan hujum qildi. Aviazarbalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 30 kishidan oshdi. Bu haqda shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Artyom Kobzar xabar berdi.
Kobzar mahalliy vaqt bilan soat 10:15 atrofida Rossiya harbiylari Sumi shahri markaziga ikkita ballistik raketa uchirganini aytdi. Hozirda 31 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgani haqida ma’lumotlar mavjud. Bundan tashqari, 84 kishi, jumladan, o‘n nafar bola jarohatlangan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy zarba joyidan olingan videoni e’lon qildi. Kadrlarda vayron bo‘lgan binolar, yonib ketgan avtomobillar va odamlarning jasadlari aks etgan. Siyosatchi hujum oqibatida turar joy binolari, ta’lim muassasalari va avtomobillarga zarar yetganini aytdi.
Dushman raketalari oddiy shahar ko‘chasiga zarba berdi... Dunyo davlatlaridan qat’iy munosabat kerak: AQSH, Yevropa, bu urush va qotilliklarning tugashini xohlaydigan dunyodagi barchaning. Tajovuzkorga bosimsiz tinchlik bo‘lmaydi. Muloqot hech qachon ballistik va havo bombalarini to‘xtatmagan.
Biz Rossiyaga terrorchi nimaga loyiq bo‘lsa, shunday munosabatda bo‘lishimiz kerak... Putin Amerikaning o‘t ochishni to‘liq va so‘zsiz to‘xtatish taklifini e’tiborsiz qoldirganiga 2 oy bo‘ldi. Afsuski, Moskvadagilar odam o‘ldirishni davom ettirishiga haqli ekanliklariga ishonmoqda. Vaziyatni o‘zgartirish uchun harakat qilish zarur, dedi siyosatchi.
U qurbonlarning oilasiga va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
-kmtF_y-Y.avif)
O‘z navbatida, Oliy Radadan xalq deputati Maryana Bezuglaya zarba nishoni mukofotlash uchun to‘plangan ukrainalik harbiylar bo‘lganini aytdi. U Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy va hududiy mudofaa qo‘mondoniga murojaat qilib, “fuqarolik shaharlari”da bunday amaliyotni to‘xtatishni talab qildi va “axborot sizib chiqishi” sodir bo‘lganini aytdi.
-Q7XUdNVK.avif)
Rossiya Mudofaa vazirligi Sumiga berilgan zarbaga izoh bermadi. Z-kanallaridan biri go‘yoki “har qanday harbiy shtablar uchun maydon sifatida foydalanilgan”. “Sumi davlat universitetining kongress markazi”ga zarba berilganini yozdi. Xabarda fuqarolar ham halok bo‘lgani ta’kidlandi.

Izoh (0)