Saudiya Arabistonida o‘tayotgan U-17 Osiyo chempionati yarim final bosqichi bahslari o‘tkazildi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 17-aprel, payshanba kuni Shimoliy Koreyaga qarshi maydonga tushib, 3:0 hisobida g‘alaba qozondi va final yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Uchrashuvning 31-daqiqasida hisob ochildi. Sadriddin Hasanov gol urib, O‘zbekistonni final sari yetakladi. Oradan 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas shimoliy koreyalik futbolchi Kang Myong Bom qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi.
Ikkinchi bo‘limning 62-daqiqasida esa Jamshidbek Rustamov hisobni ikkitaga oshirdi. Oradan 3 daqiqa o‘tib esa Abubakir Shukurullayev hisobni yiriklashtirdi.
Ushbu g‘alaba bilan O‘zbekiston yoshlari finalga yo‘l oldi. Yarim finalning ikkinchi juftligida Saudiya Arabistoni yoshlari Janubiy Koreyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, g‘alabani qo‘lga kiritgan.
Final bahsi 20-aprel kuni, Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start oladi.
Izoh (0)