Dunyo bo‘yicha 2024-yilda qurol-yarog‘ga sarflangan xarajatlar 2,718 trillion dollarga yetdi, bu avvalgi yilga nisbatan 9,4 foizga ko‘p. Stokgolm xalqaro tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIPRI) tegishli tadqiqotni e’lon qildi.

Tadqiqotga ko‘ra, global harbiy xarajatlar tarixiy yuqori darajaga ko‘tarildi. Bu Sovuq urush tugaganidan beri eng tez o‘sishdir. Dunyoning 100 dan ortiq mamlakati 2024-yilda harbiy xarajatlarini oshirdi.
Byudjetning boshqa sohalari o‘rniga, harbiy ehtiyojlarga ustuvorlik berildi. Bu esa iqtisodiy va ijtimoiy sohalarga uzoq yillar davomida sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ukrainadagi urush, shuningdek, AQSHning NATO doirasidagi ittifoqchilik majburiyatlariga sodiqligiga shubhalar Yevropada xarajatlar oshishiga ta’sir qilgan asosiy omillar bo‘ldi, deydi tadqiqotchilar.
Umuman olganda, Yevropada (shu jumladan Rossiyada ham) mudofaa xarajatlari 17 foizga oshib, 693 milliard dollarga yetdi. Bu Sovuq urush tugagan davrdagi xarajatlar darajasidan yuqori. Yevropada harbiy xarajatlarni oshirmagan yagona davlat Malta bo‘ldi.
Rossiya, Ukraina, AQSH va Xitoy necha pul sarfladi?
Rossiyaning harbiy xarajatlari 2024-yilda 149 milliard dollarga yetdi, bu 2023-yilga nisbatan 38 foizga va 2015-yilga nisbatan ikki baravar ko‘pdir. Bu Rossiya yalpi ichki mahsulotining 7,1 foizini va barcha davlat xarajatlarining 19 foizini tashkil qiladi.
Ukrainaning umumiy harbiy xarajatlari 2,9 foizga o‘sib, 64,7 milliard dollarga yetdi, bu Rossiya xarajatlarining 43 foiziga teng. Harbiy xarajatlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 34 foizini tashkil etdi, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Cheklangan moliyaviy resurslar sharoitida Ukrainaga mudofaa xarajatlarini yanada oshirish qiyin bo‘ladi. Xarajatlarning o‘sishi AQSHda ham kuzatilmoqda. Mamlakat harbiy xarajatlarni 5,7 foizga oshirib, 997 milliard dollarga yetkazdi. Bu 2024-yilgi jahon harbiy xarajatlarining 37 foizini tashkil etadi.
Harbiy xarajatlar hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turuvchi Xitoy mudofaa xarajatlarini 7 foizga — taxminan 314 milliard dollargacha oshirdi va ketma-ket 30 yil davomida o‘sishni namoyish qildi.
Shuningdek, Markaziy va G‘arbiy Yevropada harbiy xarajatlarning misli ko‘rilmagan darajada oshishi kuzatilmoqda. Germaniya xarajatlari 28 foizga oshib, 88,5 milliard dollarga yetdi, bu esa uni mintaqadagi eng yirik harbiy xarajat qiluvchiga aylantirdi. Polshaniki esa 31 foizga oshib, 38 milliard dollarni tashkil qildi, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,2 foizini tashkil etadi.

Isroilning harbiy xarajatlari 2024-yilda 65 foizga oshib, 46,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 1967-yildagi Olti kunlik urushdan beri eng tez yillik o‘sishdir. Sababi yahudiy davlati G‘azoda urushni davom ettirdi va Livan janubidagi “Hizbulloh” bilan ziddiyatni kuchaytirdi.
Livanning harbiy xarajatlari iqtisodiy inqiroz va siyosiy tartibsizliklar tufayli bir necha yillik pastroq xarajatlardan so‘ng 2024-yilda 58 foizga oshib, 635 million dollarga yetdi.
Eronning harbiy xarajatlari 2024-yilda real hisobda 10 foizga kamayib, 7,9 milliard dollarni tashkil etdi. Sanksiyalarning Eronga ta’siri uning xarajatlarni oshirish imkoniyatlarini keskin cheklab qo‘ydi.
Saudiya Arabistoni 2024-yilda Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy sarmoyador va dunyodagi yettinchi yirik sarmoyador bo‘ldi. Uning harbiy xarajatlari 1,5 foizga oshib, taxminan 80,3 milliard dollarga yetdi, ammo baribir mamlakatning neft daromadlari eng yuqori cho‘qqiga chiqqan 2015-yilga nisbatan 20 foizga kamaydi.
Izoh (0)