Amerikaliklarning prezident Donald Tramp faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi 42 foizgacha pasaydi. Bu uning Oq uyga qaytganidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Reuters bu haqda Ipsos kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqotga asoslanib ma’lum qilmoqda.

So‘rovda qatnashganlarning 42 foizi Trampning davlat rahbari sifatidagi faoliyatini ma’qullasa, 53 foizi uning siyosatini qo‘llab-quvvatlamaydi.
Ipsos’ning oldingi so‘rovi natijalariga ko‘ra, Trampni ma’qullash darajasi 43 foizni tashkil etgan edi. Mart oyining ikkinchi yarmida bu ko‘rsatkich 45 foizga teng bo‘lgan.
Agentlik Tramp obro‘yining pasayishini, jumladan, uning ma’muriyati tomonidan haddan tashqari liberal deb hisoblangan universitetlarga nisbatan ta’qib siyosati bilan bog‘laydi. Qayd etish lozim, aprel oyi o‘rtalarida AQSH ta’lim vazirligi Garvard universiteti uchun 2,2 milliard dollarlik grantlar va 60 million dollarlik uzoq muddatli shartnomalarni to‘xtatib qo‘yganini e’lon qilgan edi.
So‘rovda ishtirok etganlarning 59 foizi AQSH xalqaro maydonda o‘z obro‘yini yo‘qotayotganini ta’kidlagan. So‘ralganlarning taxminan to‘rtdan uch qismi Trampning 2028-yilda uchinchi muddatga saylanishga urinishiga qarshi.
Izoh (0)