“Daryo” muxbiri Afg‘onistonning Mozori Sharif shahri aholisi bilan Ramazon oyi qanday o‘tgani borasida suhbatlashdi.
Muborak ramazon oyida ko‘plab afg‘onistonliklar qashshoqlik va ishsizlikdan aziyat chekmoqda, mamlakatdagi yomon iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy vaziyat tufayli ular kundalik taomlarini tayyorlay olmayapti.
Balx viloyatida yashovchi Qurbonshohning aytishicha, u 12 yildan beri Mozori Sharifda istiqomat qiladi, oilasida 7 kishi bo‘lib, unga moddiy yordam beradigan hech kim yo‘q.
Qurbonshoh “Daryo” muxbiri bilan suhbatda farzandlari va oilasini boqishga qurbi yetmasligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u ko‘p vaqtini qo‘ni-qo‘shnilaridan iftorlik qilish uchun biror narsa yuborishlarini kutish bilan o‘tkazadi.
“Saharlik paytida hech narsa pishira olmagani uchun goh quruq non bilan, gohida saharlik qilmay ro‘za tutamiz”, deydi u.
Mozori Sharif shahrida yashovchi 12 yoshli Naqibulla “Daryo” muxbiri bilan suhbatda otasini urushlarda yo‘qotgani, shu sababli iqtisodiy muammolarga duch kelganini ma’lum qilgan. “Iftorda ham, saharlikda ham ovqatimiz yo‘q”, dedi Naqibulla.
“Ro‘za tutishga odatlanib qolganmiz, chunki Ramazon oyi bo‘lmasa ham, ko‘p kecha-yu kunduz och qolamiz, och uxlaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan bolakay.
Munis ismli yana bir erkak iftor payti turli taomlar pishirib, yurtdoshlariga yordam berishini ma’lum qildi.
“Mening ismim Munis, men Mozori Sharif shahridaman. Iftor vaqtida men somsa, perashka va non pishiraman. Bu taomlarni yurtdoshlarimiz iftorlik qilishlari uchun tayyorlaymiz”.
Izoh (0)