O‘zbekistonda 2025-yil I yarmida ishsizlik darajasi 0,4 foizga kamayib, umumiy hisobda 5,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi maʼlum qildi.

2025-yil iyul holatiga ko‘ra, mamlakat aholisining 15 million 377 ming nafari (41 foiz) iqtisodiy faol hisoblanadi. Shundan 14 million 595 ming nafari (94,9 foizi) iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yurityapti.
Iyul oyida davlat korxona va tashkilotlarida 8 million 55 ming kishi (jami raqamdan 55,2 foizi) ishlashi qayd etilgan. Bu raqam 2024-yil iyuldagidan (6 million 768 ming kishi) 1 million 287 ming nafarga oshgan (19 foiz).
Xususiy sektorda ishlovchilar 4 million 760 ming (32,6 foiz) nafarni tashkil etib, o‘tgan yil mos davridagidan 750 ming kishiga kamaygan (13,6 foiz).
Joriy yil iyulda xorijda 1,9 million (12,2 foiz) nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilayotgani aniqlangan.
“Bugungi kunda respublika bo‘yicha 781 ming nafar ishga joylashishga muhtoj aholi mavjud (yil boshida 836,4 ming nafar edi)”, deyiladi manba axborotida.
Mamlakatda oxirgi uch yildagi ishsizlik darajalari quyidagicha bo‘lgan:
- 2023-yil 1-iyulda 8,1 foiz;
- 2024-yil 1-iyulda 5,8 foiz;
- 2025-yil 1-iyulda 5,1 foiz.
Vazirlik tahliliga qaraganda, O‘zbekistonda iqtisodiy nofaol aholi 4 million 937 ming kishidan ortiq. Bu 2024-yil mos davriga nisbatan 38,4 ming kishiga (0,8 foiz) ko‘p.
Maʼlumot uchun, 2024-yil dekabrda Xalqaro mehnat tashkiloti dunyoning 187 ta davlati orasida ishsizlik darajasi reytingini eʼlon qilgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng past ishsizlik darajasi Qirg‘izistonda(3,3 foiz) qayd etilgan. O‘zbekiston mazkur reytingda 113-o‘rinni egallagan. Shu bilan birga, Turkmaniston 117-o‘rin, Qozog‘iston 104-o‘rinda qayd etilgan. Mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich Tojikistonda kuzatilgan bo‘lib, qo‘shni mamlakatda ishsizlik darajasi 11,6 foizga (29-o‘rin) yetgan.
Izoh (0)