Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq direktori, “Dok-1 Maks” ishida aybdor deb topilib, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan Sardor Kariyevning farzandlari yashab turgan uy MIB tomonidan xatlangani, bundan norozi bo‘lgan Kariyevning xotini sudga shikoyat qilgani haqida xabar berilgandi.
Mazkur ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 2024-yilning 5-noyabr kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida ko‘rib chiqildi. Sud Sardor Kariyevning ayoli yozgan shikoyatni rad etib, sobiq amaldorning oilasi yashayotgan uyni ham xatlashni qo‘llab-quvvatladi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimining sudda ma’lum qilishicha, byuro “Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga sud tomonidan belgilangan salkam 76 milliard so‘mlik tovon pullarini undirish harakatini davom ettirmoqda.
Shikoyat arizasini rad qilishingizni so‘rayman, sababi bizning qonunchiligimizda ko‘rsatilganki, agar o‘zining nomida bitta uy bo‘lsa, to‘g‘ri, uni sotib yuborishimiz noto‘g‘ri bo‘lar edi. Hozir bu holatda Kariyevning nomida ikkita uy bor. Bundan tashqari, mulkiy ahvoli ham yaxshi. Undirish imkoni yo‘q, deb qaytarishga asos ham yo‘q”, degandi sudda so‘z olgan MIB xodimi mulk xatlanishi haqida gapirar ekan.
Kariyevlar oilasining advokatlaridan biri MIB xodimining bu gapiga e’tiroz bildirib, “Bitta uy bo‘lsa, sotuvga chiqarish mumkin emas, lekin ikkita-uchta uy bo‘lsa, hammasini olish kerak, deganimas-ku!”, degandi.
Kariyevning o‘zi 18 yilga qamaldi. Endi voyaga yetmagan uch nafar bolasi va oilasi ko‘chada qolishi kerakmi? Mulkiy ahvoli yaxshi deb, undiruvni xotiniga qaratishmoqchimi? Marhamat, qamoqda ishlayotgan bo‘lsa, olayotgan oylik maoshiga qaratishsin, degandi advokat shikoyat arizasini qo‘llab-quvvatlar ekan.
2022-yilning oktyabr, noyabr va dekabr oylarida bolalar shamollashiga qarshi qo‘llangan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropi 2023-yilning yanvar oyida mamlakatda “Dok-1 Maks” fojiasi sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Fojianing dastlabki qurbonlari haqida xabar bergan mas’ullar marhum bolalar soni 65 nafar ekanini ochiqlagan bo‘lsa, keyinchalik bu raqamlar 68 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi. 2022-yilning dekabr oyida tarmoqlarda Samarqand shahridagi dorixonalardan xarid qilingan “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalarini qabul qilgan bemorlarda turli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ushbu vaziyatni darhol nazoratga oldi. Zaharli sirop haqida jamoatchilikka oshkor qilgan Samarqand viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachining yozishicha, ikki oyda 21 kishi shu dori vositasi qabulidan so‘ng shikoyat qilgan. 17 nafar bolaning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, ularning 15 nafarida o‘lim holati kuzatilgan.
2024-yilning 26-fevral kuni O‘zbekistonda 68 nafar bolaning o‘limi, 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga olib kelgan “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudning yakuniy hukmi e’lon qilingandi. Hukmga ko‘ra, sudlanuvchilarning 7 nafari ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, 14 nafarining ozodligi cheklandi. Shuningdek, bir nafari axloq tuzatish ishlariga jalb etilishi belgilangan bo‘lsa, yana bir nafari 17 million so‘mlik jarimaga tortilgan. 68 nafar bolaning qonuniy vakillariga 6 nafar sudlanuvchi hisobidan solidar tartibda 1 milliard so‘mdan tovon puli undirilishini belgiladi. Og‘ir tan jarohati olib nogiron bo‘lib qolgan 16 nafar va yengil tan jarohati olgan jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga 500 million va 200 million so‘m miqdorida tovon puli undiriladigan bo‘lgandi. 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan S.R.P., 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Sardor Kariyev va uning har biri 16 yil muddatga qamalgan o‘rinbosarlari — A.Azimov va N.Musayev, 16,6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Sh.Shodmanov hamda 2 yil muddatga ozodligi cheklangan Sh.Abdug‘aniyev va I.Mirzayoqubovlar hukmdan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati yozgandi. Apellyatsiya instansiyasi dastlabki hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.
Izoh (0)