O‘zbekistonda 68 nafar bolaning o‘limi va 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgan hindistonlik tadbirkor Sachin Jayinga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda ayni paytda davom etayotgan sudda bildirildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Sudda so‘z olgan advokatlardan biri Ulug‘bek Latipov sudga iltimosnoma kiritar ekan, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori namunalari bo‘yicha qo‘shimcha sud-kimyoviy ekspertiza o‘tkazish kerakligini aytdi.
Biz ushbu iltimosnoma orqali birinchi instansiya sudi tomonidan e’tibordan chetda qoldirilgan bir holatga diqqatingizni qaratmoqchimiz. Xususan, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilari tarkibida etilenglikol va dietilenglikol zararli moddalari mavjudligi dastavval “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK laboratoriyasi tomonidan 2022-yil dekabr oyi oxirida sinovlar o‘tkazish yo‘li bilan aniqlangan va sinov natijalari bo‘yicha xulosalar tuzilgan. Keyinchalik ushbu xulosalar jinoyat ishi hujjatlariga dalil sifatida qo‘shilgan. Biroq bu xulosalarda laboratoriya sinovlari aynan qanday usullarda o‘tkazilgani haqida ma’lumotlar ko‘rsatilmagan. Ustiga-ustak, jinoyat ishi bo‘yicha sud tergovi davomida aniqlandiki, bu laboratoriya sinovlari mutaxasislarning favqulodda vaziyat (ko‘p sonli bolalar o‘limi kechayotgan paytda) tufayli nostandart, Farmokopeya sohasida hali rasmiy tasdiqdan o‘tmagan sinov usullarini qo‘llash orqali o‘tkazilgan, — deydi advokat.
Sardor Kariyev huquqini himoya qilayotgan himoyachiga ko‘ra, ushbu mudhish voqealarga qadar farmatsevtika sohasida dorilar tarkibini tekshirish tartib-usullarini belgilovchi asosiy hujjat — Farmokopeyada dori sifatida ichiladigan siroplar tarkibidagi yot aralashmalar bor-yo‘qligini tekshirish bo‘yicha qoida yoki usul joriy qilinmagan. Bu amaliyot nafaqat O‘zbekistonda, balki butun jahon bo‘yicha ham shu tarzda kechgan.
Faqat 2022-yilda O‘zbekiston va dunyoning bir nechta davlatlarida siroplarni iste’mol qilgan yosh bolalar o‘limi qayd qilinganidan so‘nggina, JSST tomonidan bunday qoidalar 2023-yilning 31-oktyabriga kelib yaratildi. Farmokopeyaga, shu jumladan, O‘zbekiston davlat farmokopeyasiga “Ichish uchun qo‘llanadigan suyuq dori vositalari tarkibida dietilenglikol va etilenglikol sinovlari”, deb nomlangan qoidalar kiritildi. Mazkur Farmakopeya maqolalarida etilenglikol va dietilenglikolni aniqlashda yuqori aniqlik beruvchi hamda keng qo‘llanadigan usul sifatida “Gaz xromotografiya” usuli tavsiya etilgan.
Markazning laboratoriya sinovlari “Gaz xromotografiya” usuli bilan qilinmagan. X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi sinovlari ham “Gaz xromotografiya” usuli bilan o‘tkazilmagan. Shuningdek, X.Sulaymonova nomidagi ekspertiza markazi ekspertlari bergan xulosalarda dori vositalari tarkibida etilenglikol va dietilenglikol moddalari mavjudligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bu moddalarning miqdor ko‘rsatkichlari aniqlashtirilmagan. Bundan tashqari, bu dorilar tarkibida bo‘lishi lozim bo‘lgan barcha moddalardan ayrimlari mavjud deb ko‘rsatilib, qolganlarining esa bor-yo‘qligi haqida umuman ma’lumot berilmagan. Bu holatlar, jinoyat ishidagi markaz laboratoriyasining xulosalarini, undan tashqari, sud-kimyoviy ekspertizalar xulosalarini yetarli darajada xolis va sifatli dalil emasligini ko‘rsatadi.
Himoyachilarning ushbu ekspertiza xulosalarini nomaqbul dalil deb topish haqidagi iltimosnomalari birinchi instansiya sudi tomonidan e’tiborga olinmadi va sud hukmida ushbu xulosalar ham ayblov asosiga olindi. Shuningdek, sud “Kuramaks medikal” MCHJning va bojxona organlarining omborlarida hamda dorixonalardan yig‘ib olinib, “Dori-darmon” AK omborlarida saqlanayotgan barcha “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilarini yo‘q qilish haqida qaror qabul qildi. Vaholanki, bu mudhish voqelikning haqiqiy aybdorini Hindistonda joylashgan Marion Biotech Pvt. Ltd korxonasidan qidirilishi lozimligi haqidagi fikrni va bu jarayonni kelgusida xalqaro huquqiy amaliyot doirasida amalga oshirilishi ehtimolini inobatga olish kerak. Xalqaro huquqiy maydonda bizning jinoyat ishidagi “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilari bilan o‘tkazilgan laboratoriya sinovlari hamda sud-kimyoviy ekspertizalari xulosalari Hindiston tarafdagi javobgarlarga qarshi qo‘yish uchun yetarlicha daliliy salohiyatni bermasligi mumkin. Shuning uchun ashyoviy dalil sifatida omborlarda saqlanayotgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilarining har bir seriyasidan olingan namunalari bilan hozirda JSST tomonidan rasman e’lon qilingan tekshirish usulini qo‘llab, aynan JSST laboratoriyalarida tekshirish o‘tkazish va natijalarini hujjatlashtirib olish muhim, — dedi advokat.
Advokat Hindistonning Marion Biotech Pvt. Ltd korxonasi va uning rahbari J.Sachinga nisbatan jinoiy taqib o‘zining mantiqiy yakuniga yetmaguniga qadar, omborlarda saqlanayotgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilaridan ular bilan farmatsevtik sinovlari yoki sud-kimyoviy ekspertizalar o‘tkazish uchun yetarli miqdorda namunalar saqlab turilishi maqsadga muvofiq, demoqda.
Bu vazifalarni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklagan holda amalga oshirish mumkin, deb hisoblaymiz, — deydi himoyachi.
Avvalroq O‘zbekistonda 68 nafar bolaning o‘limi va 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropini ishlab chiqargan hindistonliklar yengil jazo bilan qutulib qolishi mumkinligi, Hindiston qonunchiligi bo‘yicha sirop ishlab chiqaruvchilariga qo‘yilayotgan ayblovlar tasdiqlansa, aybdorlarga olti oylik qamoq jazosi yoki 1000 rupiy, o‘zbek so‘mida 150 ming so‘m jarima jazosi tayinlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)