Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19-dekabr kuni o‘tkazilgan “Yil yakunlari” tadbirida migratsiya masalasi mamlakat uchun “juda nozik va keskin” ekanligini ta’kidladi.
“Bu juda nozik va keskin masala. U nafaqat biz uchun, balki Yevropa uchun yanada keskinroqdir”, dedi Rossiya rahbari RFdagi migratsiya muammosini hal qilish yo‘llari haqidagi savolga javob berar ekan.
Uning baholashicha, mehnat migrantlari sonini kamaytirish uchun mehnat unumdorligini oshirish zarur.
“Buning uchun ko‘p sonli malakasiz ishchi kuchi talab qilmaydigan texnologiyalardan foydalanish va yakuniy natijani yuqori texnologiyali faoliyat sohalariga yo‘naltirish kerak. Natijada malakasiz mehnat uchun ko‘p sonli migrantlarni jalb etish zarurati bo‘lmaydi”, deya ta’kidladi Putin.
Rossiya rahbariga ko‘ra, bunday jalb qilish muqarrar bo‘lgan hollarda, odamlarni hamkor mamlakatlar, avvalo Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda tayyorlash lozim. U bunday tayyorgarlikning usullari sifatida rus maktablari tarmog‘ini rivojlantirish, rus tilini o‘rgatish hamda ishlash uchun kelishni xohlovchilarni RF urf-odatlari hamda qonunlari bilan tanishtirish kabi choralarni sanab o‘tdi.
Putin muammoni hal qilishda iqtisodiy jihatdan tashqari huquqni muhofaza qilish jihati ham mavjudligini va ularni birlashtirish zarurligini qo‘shimcha qildi. Bu maqsadda alohida idora tashkil etish takliflariga izoh berar ekan, u bunday vakolatlarni Ichki ishlar vazirligida saqlab qolish va mustahkamlash maqsadga muvofiq ekanini aytdi.
Siyosatchining fikricha, buning uchun IIV tuzilmasida alohida kuchli bo‘linma tashkil etish va unga iqtisodiy idoralar vakillarini jalb qilish kerak. U shunday yo‘l bilan muammo yaxlit tarzda, biroq boshqa davlat organlari va mintaqalar bilan chambarchas hamkorlikda hal etilishini qayd etdi.
Bundan tashqari, Putin Davlat dumasi tomonidan qabul qilingan rus tilini bilmaydigan muhojirlarning farzandlarini maktabga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni qo‘llab-quvvatladi. Prezident bunday chora bo‘lmasa, bu bolalarni qanday o‘qitish masalasi muammoga aylanishi mumkinligiga e’tibor qaratdi.
Davlat dumasi deputatlari 11-dekabr kuni muhojirlarning rus tilini bilmaydigan bolalarini maktabga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni tasdiqlagan edi. Hujjatga muvofiq, bolaning rus tilini bilishi va Rossiya hududida qonuniy ravishda yashayotganligi maktabga qabul qilinishidan oldin majburiy tartibda tekshirilishi lozim.
Izoh (0)