Isroil G‘azo sektori markazidagi Nuseyrat qochqinlar lageriga zarba berdi. Oqibatda 30 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, lagerdagi ba’zi uylar va binolar o‘qqa tutilgan. Halok bo‘lganlarning aksariyati Shayx Alining oila a’zolaridir. Shuningdek, 84 kishi, asosan ayollar, bolalar va keksalar jarohatlangani aytilmoqda. Guvohlar hujum katta vayronagarchiliklarga olib kelganini ta’kidlagan. Vayronalar ostidan odamlarni qidirish ishlari davom etmoqda.
Isroil nishoniga fuqarolar, shu jumladan majburiy ko‘chirilganlar ham tushgan. Hujumga uchragan binolarda tinch aholi, asosan ayollar, bolalar, keksalar va ko‘chirilgan shaxslar yashagan.
Yangi jinoyat Isroilning shifoxonalarni ishdan chiqarish va dori-darmon, tibbiy buyumlar olib kirilishiga to‘sqinlik qilish, shuningdek, G‘azo sektoridagi sog‘liqni saqlash tizimini buzish maqsadida davom etayotgan hujumlari bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi, deyiladi xabarda.
G‘azo hukumati barcha mamlakatlarni “qochoqlar, tinch aholi, bolalar va ayollarning bu dahshatli hamda shafqatsiz qotilliklarini qoralashga” chaqirdi.
G‘azo sektorida “etnik tozalash”ni davom ettirish uchun javobgarlik Isroil, AQSH va “genotsid”da ishtirok etayotgan davlatlar zimmasida, deya ma’lum qildi sektor hukumati.
Izoh (0)