Isroil havo kuchlari 28-may kuni Rafah g‘arbidagi aholi punktlariga hujum uyushtirishi oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, hujum Al-Mavasiy mavzesida amalga oshirilgan. Ushbu hududda G‘azo shimoli va Xon Yunisdan ko‘chirilgan falastinliklar yashab kelayotgan bo‘lgan.
Hujum oqibatida o‘nlab fuqarolar jarohatlangan. Hujum uyushtirilgan lagerda shifoxona bo‘lmagani bois jarohatlanganlar ko‘chada qolib ketmoqda.
Isroil nishonga olgan hudud chodirlar o‘rnatilgan qochqinlar lageri bo‘lgani xabar qilingan. Bu yerda yashayotganlar hayoti butkul gumanitar yordam karvonlari kelishiga bog‘liq ekani aytilgan.
“Qurbonlar orasida 13 nafar ayol biror. Isroil qo‘shinlari aholining aksariyati ayollar va bolalar bo‘lgan vaqtinchalik chodirlarni nishonga olgan”, — deyilgan G‘azodagi Dayr al-Balah hududida bo‘lib turgan Al Jazeera muxbiri xabarida.
Rasmiylar ayni paytda butun Rafahda shifoxona yo‘qligini bildirishgan. Barcha jabrlanganlar va jasadlar Xalqaro tibbiyot korpusi binosiga olib ketilgan. Tez yordam mashinalari bo‘lmagani bois jabrlanganlar qo‘lda ko‘tarib olib borilgan .
“Jarohat olish va bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilish yoqilg‘i yo‘qligi tufayli ayni damda juda imkonsiz va ayanchli. Transport harakatlana olmaydi. Uch haftadan ortiq vaqtdan beri G‘azo sektoriga hech narsa kirgani yo‘q”, — degan Isroilning so‘nggi hujumi guvohlaridan biri.
Izoh (0)