Turkiya Suriya shimolida harbiylarini ko‘paytirishda davom etmoqda va keng ko‘lamli hujumga tayyorlanmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Yuqori martabali amerikalik amaldorlarga ko‘ra, tayyorgarlik Bashar Asad rejimi qulagandan keyin faollashgan. Ular hujum 2019-yilda bo‘lgani kabi istalgan vaqtda boshlanishi mumkinligini aytmoqda. Kurdlar AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampga hujumning oldini olish uchun Anqaraga bosim o‘tkazishga chaqirmoqda.
“Turkiya Suriyada o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilmoqda, bu esa Isroilda xavotir uyg‘otmoqda”, deyiladi xabarda.
Rossiya qo‘shinlarining Suriyadan chiqib ketishi bilan Turkiya Suriya havo hududi ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi mumkin. Bu esa Isroil harbiy operatsiyalarini murakkablashtiradi.
Bundan tashqari, o‘tgan hafta turk kuchlari avval kurdlar nazoratida bo‘lgan Manbij shahrini qo‘lga kiritgan va sharqqa tomon ilgarilab bormoqda. Turkiya o‘z chegarasi bo‘ylab bufer zona yaratishga intilmoqda, bu Anqaraning fikricha, kurd harbiy tuzilmalaridan himoyalanishda zarur.
Turkiya munosabati
Turkiya mudofaa vaziri Yashar Gyuler mamlakatining Suriyadagi harbiy ishtiroki davlatning bo‘linishini oldini olishga qaratilganini aytdi
Turkiyaning Suriyada mavjudligi Suriya hududining parchalanishiga yo‘l qo‘ymaslik va u yerda terrorchilar uchun yo‘lak yaratilishining oldini olishga qaratilgan. Asosiy maqsadimiz — Suriyaning hududiy yaxlitligi va birligini himoya qilish, siyosiy jarayonni tinch yo‘l bilan yakunlash hamda chegaralarimizni terroristik unsurlardan tozalashdan iborat, deya ta’kidladi u.
Izoh (0)