Bag‘dodning Al-Karx tumani jinoiy sudi “Islomiy davlat” terrorchilik guruhi asoschisi va birinchi “xalifasi” Abu Bakr al-Bag‘dodiyning bevasi, Ummu Hudayfa nomi bilan mashhur Isro Rajab Sahr al-Qaisiyni o‘lim jazosiga hukm qildi.
Shafaq News xabariga ko‘ra, ayol terrorchi guruh bilan hamkorlikda va Sinjar viloyatida qo‘lga olingan qullikdagi yazidiy ayollarni majburan hibsga olganlikda aybdor deb topilgan. Ma’lum bo‘lishicha marhum al-Bag‘dodiyning bir necha xotini bo‘lgan.
2019-yilda AQSHning o‘sha vaqtdagi prezidenti Donald Tramp buyrug‘iga ko‘ra, AQSH qo‘shinlari Suriya shimoli-g‘arbidagi al-Bag‘dodiy oila a’zolari bilan yashiringan hududga reyd o‘tkazgan. Tunnel ichiga qochgan Bag‘dodiy o‘zini va ikki farzandini portlatib yuborgan. Otishma paytida uning to‘rt xotinidan ikkitasi halok bo‘lgan.
Ummu Hudayfa u yerda bo‘lmagan — o‘sha paytda u allaqachon soxta ism bilan Turkiyada yashagan va u yerda 2018-yilda hibsga olingan. U joriy yilning fevral oyida Iroqqa qaytarib yuborilgan va rasmiylar uning ISHID faoliyatidagi rolini tekshirayotgan paytdan beri qamoqda saqlangan.
“Islomiy davlat” jinoyatlarida ayollarning ishtiroki masalasi bahsli. Harakat mafkurasi tufayli ular jamiyat hayotidan chetlashtirilgan. Biroq ularning ko‘plari qo‘lga olingan qullarni suiiste’mol qilgani, shuningdek, axloq politsiyasining faoliyatida ishtirok etgani ma’lum, deyiladi xabarda.
Izoh (0)