“Daryo” jahon matbuoti sharhi ruknining navbatdagi muhokamalarga boy sonini diqqatingizga havola etadi.
Janubiy Koreya haqiqiy liberal mamlakatmi?
Janubiy Koreyada liberal siyosat haqida gap ketganda uning qanchalik uzoq muddatli ekani savol ostiga olinadi. Janubiy Koreya chindan liberal demokratik davlatmi? The Diplomat nashri Janubiy Koreydagi davlatchilik tuzumi haqida maqola tayyorladi.15-aprel sanasida Janubiy Koreyada saylovlar bo‘lib o‘tdi. Bu saylovlar esa 2016-yildagi parlament, 2017-yildagi prezidentlik va 2018-yildagi mahalliy organlarga o‘tkazilgan saylovlardan keyingi navbatdagi saylovdir. Yirik shaharlardagi deputatlik organlariga qo‘lga kiritilgan 17 ta saylov o‘rinlaridan 14 tasini liberal partiya o‘z nomi ostiga yozib qo‘ydi. Janubiy Koreya parlamentidagi 300 o‘ringa o‘tkazilgan saylovlarda liberallar parlamentning deyarli beshdan uch qismini qo‘lga kiritdi.
Liberallarning bunday yutuqni qo‘lga kiritishi Janubiy Koreya tarixida ilk marotaba kuzatilayotgan holat sanaladi. 15-aprelda liberal kuchlarning mutlaqo ustunligini ta’minlagan saylov jarayoni bahslarga sabab bo‘ldi va ommaviy axborot vositalarida bu muvaffaqiyat Janubiy Koreyaning liberal siyosatida bardavom etadigan holatmi degan fikrlarni yuzaga chiqardi. Janubiy Koreyadagi liberal siyosat ikki kurashuvchi guruhning avlodlar alamashinuvi natijasida yuz bergan hodisadir.
Shunga qaramasdan hozirda kuzatilayotgan siyosiy tuzilmadagi almashinuv pishib yetilmaganday tasavvur uyg‘otmoqda, chunki Janubiy Koreyaning siyosiy meynstrimida joy egallagan yosh siyosatchilarning qarorlari mamlakatning mafkuraviy va tarixiy rivojlanishini hisobga olgan holda qanday tartibni yuzaga keltirishini oldindan aytib berish mushkul.
Ikki siyosiy guruhning yuzaga kelishi
1987-yilda Janubiy Koreyada demokratik saylovlar jarayoni qabul qilingandan so‘ng mamlakatda to‘rt marta konservativ va uch marta liberal hukumat almashdi. Garchi siyosatda ikki muxolif partiya teng kuchga ega bo‘lsa-da, konservativ partiya mamlakatning barcha jabhalarida nufuzli siyosiy kuch sifatida o‘zini namoyon qildi.
Ular Shimoliy Koreyadan kelayotgan xavfning oldini oldi va uchinchi dunyo iqtisodiyotini rivojlangan dunyo iqtisodiyotiga aylantirdi, natijada, konservativ partiya xalq orasida asosiy qo‘llab-quvvatlovchilarga ega bo‘ldi. Janubiy Koreya iqtisodiyotining modernizatsiya qilinishi va iqtisodiy o‘sishi urushdan keyingi davrda “Xan daryosidagi mo‘jiza” sifatida talqin etildi. Shu sababdan konservativ partiya tarafdorlarini yoqlovchilar bugunda 60 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, Janubiy Koreya iqtisodiyotida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lgani uchun ham konservativ partiyani yoqlashadi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Xan daryosi bo‘yida yuz bergan mo‘jiza ortida Janubiy Koreya hukumatining avtoritar byurokratik boshqaruvchiligi unsurlari ham yetakchi bo‘lgan. Kommunistik mafkuraga qarshi siyosat olib borgan Janubiy Koreya siyosatdonlari o‘z vaqtida demokratik tamoyillarni uncha xushlamagan va shaxsiy manfaatlarni ustun qo‘ygan paytlar ham bo‘lgandi.
Xan daryosi bo‘yidagi mo‘jiza avlodi kommunistik mafkuraga qarshi ruhda tarbiya topdi va mamlakatning taraqqiyoti ularda o‘ziga xos, gohida uchrab turadigan diktatura rejimiga xos bo‘lgan unsurlarga ko‘z yumishga o‘rgatdi. Urushdan keyingi yosh avlod esa demokratik qadriyatlar, mehnat huquqlari, inson huquqlari, milliy jihatdan qarindosh bo‘lgan xalqlarning qayta birlashishini istadi va diktatura rejimini hazm qila olmadi va unga qarshi kurashdi.
Demokratiya uchun kurashlardan keyingina, 1987-yilda iyun oyi voqealari tugagach, Janubiy Koreyada diktatura rejimi tugatildi va mamlakat demokratik islohotlarga yuz tutdi. Natijada, ko‘p yillar mobaynida diktatura rejimi tazyiqi ostida bo‘lgan liberal kuchlar 1990-yilga kelibgina ikki partiyali demokratik hokimiyat tizimiga erishishga muvaffaq bo‘ldi. 1997 va 2002-yildagi saylovlarda liberallarning saylovlarda g‘alaba qozonishi Janubiy Koreyada konservativ kuchlar siyosat sohasidagi yagona kuch emasligini dalilladi.
Shunga qaramasdan liberallar qo‘lga kiritgan yutuqlar tasodifiy erishilgan degan xulosaga kelish mumkin. Chunki ularning hokimiyat tepasiga kelishida konservativ hokimiyatning kamchiliklari ham o‘z hissasini qo‘shdi. 1997-yildagi saylovlarda Kim De Chjung konservatorlar o‘rtasidagi nizoviy bo‘linuvdan foydalangan bo‘lsa, 2002-yilgi saylovlarda Ro Mu Xyon konservativ partiya vakili ustidan ozgina farqlar evaziga g‘alaba qozondi. Garchi mamlakatda liberal kuchlarning ta’siri yoyilib borayotgan bo‘lsa-da, konservativ diktaturaga moyil siyosatchilarning hukumatga ta’siri seziladi.
Kogorta effekti yoxud Xan daryosi bo‘yidagi mo‘jiza bilan vidolashuv
Kogorta effekti deyilganda ijtimoy fanlarda vaqt o‘zgarishi bilan insonlar ongida yuz beradigan o‘zgarishlar tushuniladi va bu o‘zgarishlar, asosan, insonning hayot davomida tug‘ilgan yili yoki olgan ma’lumoti bilan o‘lchanadigan o‘zgarishlar hisoblanadi.
Janubiy Koreyaning iqtisodiy o‘sishini ta’minlagan guruhlar va iyun oyidagi voqealar ham konservatorlar, ham liberallar o‘rtasida kogorta effekti deb tanilgan jarayonni yuzaga keltiradigan daryosi bo‘yidagi mo‘jizaga olib kelgan siyosatchilar guruhi mamlakatda 1990 va 2000-yillar siyosatini belgilab bergan asosiy kuch bo‘lib yuzaga keldi. O‘shanda iyun harakati tarafdorlari hali “minilmagan yo‘rg‘a, poygadagi noma’lum ot” edi. Janubiy Koreya 2010-yil bilan yuzlashar ekan, siyosiy manzarada liberal siyosat tomon og‘ish holati kuzatila boshladi.
2012-yilgi saylovlarda liberallar garchi parlamentda kam sonli ovozga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, bu iyun harakatining natijasi sifatida baholandi. Xuddi shunday manzara 2012-yilgi parlament saylovlarida va 2014-yildagi mahalliy kengashlarga o‘tkazilgan saylovlarda va 2016-yilgi parlament saylovlarida tub burilish yasadi. Liberallarda o‘tmishdagi siyosiy vaziyatga qaraganda ancha porloq siyosiy kelajak turgani o‘z mevalarini bera boshladi. Shu bilan bir vaqtda keksayib borayotgan konservativ partiya vakillarining mamlakat siyosatidagi ta’siri va qo‘llab-quvvatlovi kuchli bo‘lishiga qaramasdan obro‘sizlanib bordi.
Siyosatdonlar vakillari orasidagi avlodlar almashinuvi esa muqarrar va eski konservatorlar o‘z saylovoldi dasturlariga biror-bir ahamiyatli yangilik qo‘shmasa, o‘z tarafdorlaridan ayrilishi ochiq bo‘lib qoldi. 2013-yilda Janubiy Koreyada konservativ partiya vakili Park Ge Xi prezidentlik poygasiga kirishar ekan, mamlakatda aholi turmush darajasini yaxshilash va iqtisodiy demokratiya shiorlarini ko‘tarib chiqdi. Biroq uning siyosiy platformasi uzoq muddatli siyosatni emas, aksincha, qisqa muddatli maqsadga eltuvchi manfaatlarni ko‘zlagan edi. Shu sababli uning siyosati qisqa muddatda mag‘lubiyatga uchradi.
2017-yilning boshlarida Parkning siyosati nizolar ichida qolib ketdi va hattoki koreys xalqi Park Ge Xiga nisbatan ishonchsizlik votumini bildirdi. Park Ge Xi Xan daryosi bo‘yida iqtisodiy mo‘jiza yarata olgan sobiq rahbar Park Ju Xining qizi bo‘lib, uning otasi Janubiy Koreyada konservativ fikrlovchi siyosatdonlar orasida nufuzli shaxs sifatida tanilgandi. Shu sababli Park Ge Xi mamlakatda konservatorlar obro‘sini tiklovchi “aylbov qirolichasi” sifatida nom qozondi, ammo uning prezidentligi konservatorlarning bor umidini ikki yilda chippakka chiqardi. Bu esa koreys konservatorlari uchun katta yo‘qotish edi.
Umumiy siyosiy manzarada olib qaralganda, Park Ge Xining siyosiy faoliyati va uning Janubiy Koreyadagi biznes korchalonlari bilan uzviy aloqasi xalq orasida katta rezonans keltirib chiqardi. Parkning izdoshi Li Myon Bakning prezidentligi esa korrupsiyaviy mojarolardan nariga o‘tmadi va konservatorlarning mamlakatdagi bor obro‘sini yanada tushirib yubordi. Parkning prezidentlikdan ketishiga sababchi bo‘lgan ommaviy namoyishlar esa har doimgidan kuchli edi. Impichment sabab prezidentning iste’fo berishi Janubiy Koreyadagi liberallar uchun yangi ruh baxsh etdi.
Liberal Janubiy Koreyami yoxud egasi yo‘q mamlakatmi?
Janubiy Koreya konservatorlari o‘rtasida ixtilof davom etar ekan, bu liberal kuchlar uchun imkoniyat beradi. O‘tgan to‘rt saylovlar esa mamlakatda liberallar harakati uchun kuchli zamin tayyorlab qo‘yilganini ochiqladi. Yaqindagi saylovlarda esa liberallar partiyasi liberal saylovchi yoshlarning ko‘paygani bois mamlakat siyosiy hayotida 121 o‘rindan 103 tasiga ega bo‘lib chiqdi.
Bu esa koreys jamiyatida turli korrupsiyaviy janjallarga ilakishib qolgan konservatorlarga ishonch ancha zaiflashganidan darak. Shunga qaramasdan hozirda konservatorlar o‘z siyosiy qarashlarini va partiya dasturlarini qayta ko‘rib chiqish orqali liberallar bilan siyosiy hokimiyat uchun kurashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biroq ular Park Ge Xi va Li Myon Bakning siyosiy mag‘lubiyatidan xulosa chiqarib harakat qilayotgan bo‘lsa-da, Janubiy Koreyada o‘sib borayotgan liberal ruhdagi yoshlarning umidlarini ro‘yobga chiqarishda xatoliklarga yo‘l qo‘yayotgandek.
Boshqacha qilib aytganda, agarda konservatorlar o‘zlarining o‘tmishdagi qora dog‘ tushgan rahbarlari soyasidan qutula olsa, ular kelajakda yosh, liberal saylovchilarning ovozlariga umid qilsa bo‘ladi. Bu borada esa qilinadigan ishlar anchagina. Konservatorlar uchun esa boshqa yo‘l qolmagan.
Ijtimoiy so‘rovlarda yutqazayotgan Tramp
The New York Times nashri ochiqdan ochiq prezidentlikka nomzod Jo Baydenning ijtimoiy so‘rovlarda amaldagi prezident Donald Trampdan qo‘li baland kelayotganini nishonlamoqda. Oldingi prezidentlik saylovlarida ham Xillari Klinton ijtimoiy so‘rovlarda qo‘li baland kelgan, ammo saylov natijalariga ko‘ra, prezidentlik Donald Trampga tekkan edi, deb yozadi The New York Times nashri.Jo Bayden hozircha asosan ayol saylovchilar orasidagina Trampga nisbatan ustunlik qilib turibdi. Bundan tashqari, Jo Bayden Trampning koronavirusga qarshi siyosatidan ko‘ngli qolgan respublikachilarni ham o‘z tarafiga og‘dirib oldi. The New York Times va Siyena kolleji o‘tkazgan so‘rovlar natijasi bunga dalil bo‘lmoqda.
Janob Tramp butun prezidentligi davomida Amerikada eng ko‘p tanqid qilingan prezidentlardan biri bo‘ldi. U 2016-yilda hokimiyat tepasiga kelishi davridanoq o‘z nufuzini yaxshilashga deyarli harakat qilmadi. O‘sha kezlarda oq tanlilardan iborat bo‘lgan saylov hay’atigina janob Trampga mamlakatdagi eng nufuzli davlat maqomini olib berishiga turtki bo‘lgandi.
Bugun Trampga nisbatan saylovchilar orasida prezidentning xavfli virusga qarshi muvaffaqiyatsiz kurashi haqida ko‘p gapirishmoqda va bu esa amaldagi prezidentning saylovchilarida prezidentga nisbatan ishonchsizlik hissini yuzaga keltirgan.
Lotin amerikaliklar va qora tanlilar orasida Jo Baydenning nomzodiga ovoz berishni istayotganlar esa ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Ayollar va yoshlar ham Bayden nomzodini ilgari surmoqda. Denverlik Arlina Maylz umrining 60 yili mobaynida respublikachilar taraf bo‘lgan va hattoki Tramp 2016-yildagi saylovlarda g‘olib bo‘lganida u uchun ovoz bergan, biroq prezident Tramp u kabi ko‘plab respublikachilarning umidini oqlamadi.
Uning fikricha, so‘nggi paytlarda respublikachilar o‘z obro‘larini atayin obro‘sizlantirishga va saylovchilarning umidlarini puchga chiqarishga urinmoqda. Shu sababli Maylz xonim bu safar respublikachilarga emas, Jo Baydenga ovoz berishga qaror qilgan. Respublikachilar uchun ovoz bermaslikka qaror qilganlar orasida yoshlar ham yetakchilik qilmoqda. Shunday bir vaziyatda respublikachilar faqat keksalarning ovozlari bilan navbatdagi 4 yilga egalik qilish taraddudida.
45 yoshgacha bo‘lgan saylovchilarning 52 foizi Jo Bayden uchun ovoz berishlarini ijtimoiy so‘rov natijalari ochiqladi. Ularning 30 foizi esa Tramp tarafdori. Texasning Fort-Uert shahridan bo‘lgan 31 yoshli Tom Deymond garchi Tramp pandemiyaga qarshi kurashishda ojizlik qilgan bo‘lsa-da, o‘z ovozini unga bermoqchi ekanini bildiradi. Uning nazarida Jo bayden ishonch uyg‘otishga urinayotgan shaxsdir.
Trampni yoqtirmaslik, eng avvalo, AQSh jamiyatida irqchilik bilan bog‘liq muammolarga borib taqalmoqda. Ijtimoiy so‘rovlarda qatnashgan 45 yoshdan kichik aksarlar “Qora tanlilar ham inson” norozilik namoyishida ishtirok etgan. Katta yoshli amerikaliklar esa irqchilikka qarshi harakat borasida anchayin bosiq yo‘l tutgan. 45 yoshdan kichik amerikaliklar Jorj Floydning o‘limi politsiyaning afroamerikaliklarga nisbatan keragidan ortiq kuch ishlatgan deb hisoblaydi.
Boshqa tarafdan janob Tramp yoshi katta amerikaliklar orasida ham o‘z nufuziga zarba beradigan xatoliklarga yo‘l qo‘ydi. 65 yoshdan katta amerikaliklarning beshdan ikki qismi Trampning ishlash uslublarini ma’qullamasligini bildirdi. Bugun Trampning iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha reytingi ijobiy darajada turgan bo‘lsa-da, 45 foiz amerikaliklar uning bu siyosati haqida salbiy fikrda. Tramp, shuningdek, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan oq tanlilar orasida ham mashhur.
Iqtisodiyot borasida Tramp o‘z saylovchilarining ovozlarini saqlab qolar va shu bilan birga irqchilik, politsiyaning zo‘ravonligi, pandemiyaga qarshi kurash borasida siyosiy kamchiliklardan xoli emas. Amerikaliklarning aksari prezidentning karantinni tugatish haqidagi fikrlariga ham qarshi chiqmoqda. Tramp esa insonlar hayotini xavfga qo‘yib bo‘lsa-da, karantin rejimini tugatishga chaqirmoqda. 21 foiz amerikaliklar nazarida AQSh hukumati iqtisodiyot borasida talafotlar ko‘rsa-da, koronavirusni ushlab turish uchun bor kuchini ishga solishi lozim.
Aynan shu masalalar oldinda turgan siyosiy bahs-munozaralarning asosiy mavzusi bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur bahslar esa AQShni kelajakda kim boshqarishi haqida yanada aniqroq tasavvurlarni berishga qodir.
Janob Trampning obro‘si, shuningdek, zulm ostida yashayotgan boshqa irq vakillarining ham prezidentga nisbatan ishonchsizligini yuzaga keltirgan. Aksar amerikaliklar Trampning norozilik namoyishchilarini keskin tanqid qilishini xushlamayapti. Namoyishchilar nazarida Black Lives Matter harakati ham unda jamoat tartibini saqlashga chiqqan politsiyachilarning norozilik harakati ishtirokchilari bilan hamdardlik yaxshi taassurot uyg‘ota boshlagan.
Shu sababdan ham Jo Baydenning prezidentlikka nomzodi ular nazarida amaldagi prezidentdan ko‘ra ancha yaxshiroq nomzod. AQShda o‘tadigan navbatdagi saylovlarga hozircha besh oydan ko‘proq vaqt qolgan. Ijtimoiy so‘rovlar esa har doim ham amerikaliklarning xohishlarini amalga oshiravermaydi. Kim prezident bo‘lishi esa vaqt masalasidir.
Yangi muammolar bilan yuzlashayotgan Bashar Asad Suriyasi
Ayni aytda Suriyada yirik hajmdagi jang amaliyotlari ketmayapti. Ammo mamlakatdagi voqealar nizolardan hech kim g‘alaba qozonmaganini ko‘rsatmoqda, deb yozadi The Jerusalem Post nashri.Suriya bugun qashshoqlashgan, tarqoqlashgan va raqobatlashayotgan tashqi kuchlarning izmidagi mamlakat bo‘lib qolaveradi. Asad rejimi hokimiyatning yuqori eshelonlaridagi o‘zaro kurashlardan holdan toydi va hattoki hukumat nazorat qiladigan hududlariga ham urush qaytmoqda. 2018-yil oxirida Suriyadagi rejim g‘alaba yoqasida qolishiga bir bahya qoldi. AQSh hukumati Suriya shimoli-sharqidan o‘z harbiylarini olib chiqib ketishini e’lon qildi va natijada, mamlakat shimoli-g‘arbida qolgan Asad rejimiga qarshi kuchlar o‘rab olindi va ular orasida ekstremist sunniy mazhabi tarafdorlari yetakchilik qila boshladi.
Diplomatik va harbiy amaliyotlarning yakunida esa Suriyani 2011-yilgi holatga qaytarishiga bo‘lgan umidi yana ancha noma’lum muddatga surilgandek tasavvur uyg‘otdi. Trampning qo‘shinlarni olib chiqib ketish haqidagi tvitlariga qaramasdan, amerikaliklar hamon Suriyada qolmoqda. Asadga qarshi kuchlar esa Turkiyaning homiyligidan va ruslarning Turkiya bilan yaqinlashuvidan foydalanib qolishga urindi. Natijada, rejim butun Suriyaning faqatgina 60 foizida o‘z hokimiyatini saqlab qolmoqda.
Suriyada siyosiy tarqoqlik avj pallasida. Boshqacha qilib aytganda, mamlakatning to‘rtdan birini kurdlarning mudofaa bo‘linmalari, 15 foizini turklar istilo qilgan va o‘z nazoratiga olgan. Bu hududlarda esa yetti-sakkiz million suriyaliklar istiqomat qilib kelmoqda, yana shuncha miqdordagi suriyaliklar Asad hokimiyati o‘rnatilgan hududlarda yashamoqda. Ikki millionga yaqin suriyaliklar Livan va Iordaniyada, 3,5 millioni Turkiyada, qolgan bir-ikki millioni esa Yevropa Ittifoqi hududida qochoq maqomida.
Asad esa o‘z qo‘l ostidagi hududlarda ham siyosiy hokimiyatni qo‘lga olishda ojizlik qilmoqda. Muammo esa Suriyaning moliyaviy qiyinchiliklariga borib taqalmoqda. Na Asadda, na Turkiyada va na ruslarda Suriyani tiklash uchun beriladigan moliyaviy vosita mavjud emas. Yevropa Ittifoqi va AQSh toki Asad hokimiyatni qo‘lida saqlab qolish fikridan voz kechmaguncha moliyaviy ko‘mak bermoqchi emas.
Iqtisod tang ahvolda, mamlakat pul birligi qadrsizlanishda davom etmoqda. Hozirda bir AQSh dollari 700 Suriya funtiga tengdir. Qora bozorda esa bir dollar uchun 2 300 Suriya funtini taklif qilishmoqda. 2011-yilga qadar esa bu ko‘rsatkich birga 50 nisbatda edi.
80 foiz suriyaliklar qashshoqlikda hayot kechirmoqda. Damashqda non uchun turna qator navbatlarga guvoh bo‘lish mumkin. Funtning devalvatsiya qilinishi natijasida ko‘plab suriyaliklar eng zarur oziq-ovqatlarni xarid qilish imkoniga ega emas. Jurnalist Denni Makki Twitter sahifasida “Suriyadagi ahvol o‘ta yomonlashgani, mahalliy aholi dori-darmonlarni olishga ham qurbi yetmayotgani, ochlik va qashshoqlik mamlakatda odatiy holga aylangani” borasida izoh yozdi.
Mamlakatning bunday holga tushishida bir qator omillar sabab: birinchidan, iqtisodiy jazo choralari, ikkinchidan, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat va nihoyat, iqtisodiy turg‘unlik. Hattoki qo‘shni Livandagi voqealar ham Suriyaning mashaqqatli davrlariga sabab bo‘lmoqda. Livandagi iqtisodiy inqiroz natijasida banklardan dollar olish cheklandi va bu Suriyada dollarning tanqisligini keltirib chiqardi.
Dard ustiga chipqon degandek, iyun oyining o‘rtalariga borib AQSh hukumati Sezar qonun loyihasini kuchga kiritdi. Bu qonunga ko‘ra, ommaviy qatag‘onlar, turmalardagi qiynoqlar sabab Asad rejimiga iqtisodiy jazo choralari qo‘llanildi. Bu jazo choralari, shuningdek, Asad rejimi bilan iqtisodiy aloqa qiladigan taraflar uchun ham amal qilishini nazarda tutadi. Bu esa Suriya iqtisodiyotini tiklashda qiziqish bildirgan Xitoy, BAA kabi mamlakatlarni hovurlarini bosishga olib keldi.
Qiyin ahvolda qolgan Asad rejimi tobora o‘z qo‘l ostidagilarning qarshilik va norozilik namoyishlariga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan yil iyun oyidan to hozirga qadar Asad rejimiga qarshi qaratilgan ichki hujumlar 489 tagacha ko‘paydi. Mazkur hujumlar natijasida 300 dan ortiq shaxs halok bo‘ldi.
Mahalliy aholi orasida esa “Eron va Rossiyasiz ozod Suriya”, “Xalq Asadning hokimiyatdan ketishini talab qiladi” kabi shiorlar borgan sari ko‘paymoqda. Turkiya qo‘l ostidagi hududda esa Suriya muvaqqat hukumati tuzildi va u o‘z hududida Suriya funti turk lirasi bilan almashtirilishini e’lon qildi. Bu esa o‘z navbatida suriyalik tadbirkorlarning o‘z mahsulotlari uchun turk lirasida narx belgilanishini kuchaytirdi. Turkiya pochtasi turklar nazorati ostidagi hududlarda turk lirasini iste’molga kiritish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.
Nihoyat, Asad rejimining yuqori eshelonlarida ham nizolar yuzaga kelmoqda. Asad hattoki o‘z urug‘iga mansub bo‘lgan Rami Mahmudga ham qarshi chiqishga majbur bo‘ldi. Bu nizo ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Rami Mahmud va Asadning xotini Asma Asad o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuviga ham borib taqalmoqda.
Mamlakat qiyin ahvolda qolgan bo‘lsa-da, Asad hokimiyatdan ketmoqchi emas. Ammo bir narsa aniq, og‘ir iqtisodiy tanglikda qolgan Asad ham yuqoridan, ham quyidan, ham tashqaridan bo‘layotgan bosimlar ostida qoldi. Vaziyatning bunday davom etishi esa bir kun xalqning paymonasini to‘ldirib, Asad uchun mudhish tugashi ham ehtimoldan yiroq emas.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)