Livanda markazlashgan elektr energiyasi ta‘minoti to‘xtatildi. Mamlakatning ikkita eng yirik elektr stansiyalari — Deyr-Ammar va Al-Zaxraniy yonilg‘i yetishmasligi sababli o‘z ishini to‘xtatdi, natijada butun mamlakat elektrdan uzilib qoldi, deb yozadi “RBK”.
Mahalliy LBC telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Livan “qorong‘ilikka cho‘mgan”. Muammoni Électricité du Liban davlat kompaniyasi hal qilishga urinmoqda.
Reuters mahalliy hukumat vakiliga tayanib xabar qilishicha, mamlakat bir necha kun davomida chiroqsiz qolishi mumkin.
Hukumat elektr stansiyalari uchun harbiylar zaxiralaridagi yonilg‘ini ishlatmoqchi, ammo u qachon qo‘lga kiritilishi hozircha noma’lum.
Aholining ko‘pchiligida chiroqsiz qolmaslik imkonini beruvchi dizelli generatorlar bor, ammo ular uchun yonilg‘i ham tanqisdir.
Électricité du Liban sentabrdayoq elektr tokini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan mazut (neft qoldig‘i) zaxiralari tugash arafasida bo‘lgani tufayli, mamlakat butunlay elektrsiz qolishi xavfi haqida ogohlantirgan edi. Ba’zi zavodlarda ushbu zaxiralar to‘liq ishlatib bo‘lingan.
Chiroqsiz qolgan Bayrut shunday ko‘rinishda. Hali yoritilib turgan binolar va dengiz porti xususiy elektr generatorlardan kuch oladi.
17-avgust kuni BMT Livanga potensial “gumanitar halokat” oldini olish uchun zudlik bilan yonilg‘i va elektr energiyasi zarurligini ma’lum qilgandi. Mamlakatda gumanitar masalalar bo‘yicha BMT kordinatori Najot Rushdiy yonilg‘i tanqisligi sog‘liqni saqlash va suv ta’minoti sohasidagi asosiy xizmatlarni to‘xtatib qo‘yishi haqida ogohlantirgan edi. Ta’kidlanishicha, COVID-19 ning yangi to‘lqini fonida avgust oxiri holatiga ko‘ra, COVID-bemorlar uchun intensiv davolash bo‘limlaridagi o‘rinlarning chorak qismi to‘lgan, ularning aksariyati sun’iy nafas oldirish apparatlariga ulangan.
Livan o‘tkir iqtisodiy inqirozni boshidan kechirmoqda, u 1850-yillardan buyon dunyo tarixidagi eng jiddiylaridan biri deb atalmoqda. 2019-yildan buyon mahalliy valyuta kursi 90 foizga pasayib ketdi. Vaziyatni chet eldan yonilg‘i yetkazishdagi uzilishlar hamda benzin va dizel narxining o‘sishi chuqurlashtirmoqda. Mamlakatda nafaqat yonilg‘i, balki dorilar va eng zarur buyumlar ham yetishmayapti. Ayni paytda mamlakat ichidagi siyosiy kelishmovchiliklar hukumatni shakllantirishga qaratilgan urinishlarga xalal berdi, hukumat xalqaro moliya muassasalari bilan ko‘mak haqida muzokaralar olib borishi mumkin edi. Livanning yangi hukumati 10-sentabr kuni shakllantirildi.
Shunday bir vaziyatda “Hizbulloh” harakati xususiy tartibda Erondan neft mahsulotlarini sotib olishga tayyorligini bildirdi. 16-sentabr kuni Eron dizel yonilg‘isi ortilgan avtosisternalar karvoni Suriyadan Livanga kirdi. Yonilg‘i yetkazib berilishi AQSh sanksiyalariga zid bo‘lib, ular Amerika sobiq prezidenti Donald Tramp 2018-yilda mamlakatni Eron bilan yadro bitimidan olib chiqqanidan keyin Tehronga qarshi kiritilgan edi.
Sentabrda Misr, Iordaniya, Suriya va Livan energetika vazirlari Misr tabiiy gazini Suriya hududi orqali Livanga yetkazib berish rejasini kelishib oldi.
Mavzuga doir:
- Livan prezidenti bosh vazir bilan yangi hukumat to‘g‘risida kelishib oldi. Mamlakat Bayrutdagi portlashdan keyingi ziddiyatlar tufayli bir yildan buyon hukumatsiz
- Bayrut portida portlagan selitra egalarining kimligi jurnalistlarning yangi surishtiruvi natijasida aniqlandi. Ular ukrainalik biznesmenlar bo‘lgan va o‘z izlarini xaspo‘shlashga uringan
- AQSh Eron, Livan va Kuvaytning bir qator fuqarolariga sanksiyalar joriy etdi
- Bu yerda Livan bor edi: Bayrut portidagi portlashdan bir yil o‘tib, hozir mamlakat qanday ko‘rinishda? (foto)