11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasi muhokamasi qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.
Qonun loyihasi tashabbuskori IIV bo‘lib, hujjatni birinchi o‘qishga Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud masalalari qo‘mitasi kiritgan. Vazir o‘rinbosari Ramazon Ashrapov deputatlarga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritish taklif etilayotgan o‘zgarishlardan kutilayotgan muddaoni tushuntirib berdi.
Vazir o‘rinbosarining aytishicha, qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagani mazkur qonun loyihasini ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirgan. Natijada boshqa transport vositalari ushbu yo‘laklarda bemalol harakatlanib, jamoat transportining harakatiga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yo‘l harakati qoidalariga jamoat transportiga alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish tartibini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha 2024-yil 10-oktyabrda 658-sonli qaror qabul qilingan. Ushbu qarorga muvofiq, belgilangan yo‘laklarda faqat yo‘nalishli jamoat transport vositalari harakatlanishi, boshqa transport vositalarining ushbu yo‘laklarda harakatlanishi taqiqlanishi, faqat yonida joylashgan hududga kirish yoki chiqish maqsadida hamda chorrahalarda ko‘pi bilan ellik metr masofada harakatlanishi mumkinligi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasi qarorida transport vositalari mazkur yo‘laklarda harakatlanib kelayotgan jamoat transport harakatiga to‘sqinlik qilmasligi va unga yo‘l berish majburiyati belgilangan. Istisno tariqasida tezkor va maxsus xizmatlar transport vositalarining ushbu yo‘laklarda harakatlanishiga ruxsat etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 1287-moddasiga kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilamoqda. Xususan, mazkur moddaning birinchi qismida ushbu qoida buzilishini birinchi marta sodir etganlik uchun BHMning uch baravar miqdorida — 1 million 125 ming so‘m jarima belgilamoqda. Ikkinchi qismida ushbu qoida buzilish jazo qo‘llangandan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, BHMning besh baravar miqdorda — 1 million 875 ming so‘m jarima belgilanmoqda. Uchinchi qismida, yonida joylashgan jamoat transport uchun alohida ajratilgan yo‘lakni bo‘shatgan holda yo‘lni qatnov qismida o‘tayotgan transport vositalariga yo‘l bermaslik BHMning bir baravari miqdorida — 375 ming so‘m jarima belgilanmoqda.
Qonun loyihasini qabul qilish orqali transport vositalarining yo‘llarda harakatlanishi uchun sharoit yaratiladi va uning javobgarligini oshirishga xizmat qiladi, — deydi Ramazon Ashrapov.
Deputat Saydullo Azimov qonun tashabbuskoriga ikkita savol berdi:
Ko‘p holatlarda taksichilar yo‘lovchilarini tushirib-chiqarishi kerak. Bu esa yo‘l chetida to‘xtashni talab qiladi. Lekin amaldagi yo‘l harakati qoidalarida bunga yechim ko‘rsatilmagan. Natijada taksichilar yo‘l chetida yo‘lovchilarini tushirgan holatlarda, qoidabuzarlik subyekti bo‘lib qolmoqda. Ana shu holatda yechim qanday bo‘ladi?
Uchinchi qismda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘lakni bo‘shatgan holda yo‘lning qatnov qismiga o‘tayotgan transport vositalariga yo‘l bermaslik uchun javobgarlik ko‘zda tutilmoqda. Lekin yo‘l harakati qoidalarida aynan ustuvorlikni berish ko‘zda tutuvchi norma mavjud emas. Norma bo‘lmay turib, javobgarlikka tortish qanchalik to‘g‘ri va bu fuqarolarda norozilikni keltirib chiqarmaydimi?, dedi Saydullo Azimov.
Savolga IIV jamoat xavfsizligi departamenti YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov javob berdi:
Hozirgi kunda Toshkent shahri hokimligida yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha komissiya tuzilgan. Pulli avtoturargohlar, taksislar uchun alohida to‘xtash joylari masalalari komissiya tomonidan ko‘rilyapti. Shuning uchun infratuzilma tartibga solinganidan keyin bu joylarda bemalol harakatlanish mumkin bo‘ladi.
Chet el tajribasini ham o‘rganganmiz, xuddi shunaqa joylar bor, lekin avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘lakda emas. Yo‘lakdan ichkariga kirib turib, yo‘lovchilarni olish yoki tushirish holatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Ikkinchi masala bo‘yicha yo‘l harakati qoidalariga tegishli o‘zgartirish kiritildi. Bu yerda belgilab qo‘ydiki, alohida ajratilgan yo‘lakka ko‘pi bilan ellik metr masofada kirish yoki chiqish joyida harakatlanishiga ruxsat berildi yaʼni, o‘sha yo‘lakka tutash bo‘lgan yo‘llarga kirish uchun ellik metr oldindan chiziq bilan ajratiladi. O‘sha yerda tutash bo‘lgan yo‘llardan alohida ajratilgan A yo‘lakka 50 metr uzuq chiziq chiziladi. Shunda keyingi tasmaga o‘tish uchun imkoniyat yaratiladi, dedi Erali Bozorov.
Qonunchilik palatasining spikeri Nuriddin Ismoilov qonun loyihasini majlis kun tartibiga olib chiqqan qo‘mita raisi Jahongir Shirinovdan mazkur muhokama bo‘yicha fikrini so‘radi:
Nima uchun sizga so‘z beryapman? Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksimizda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha normalar bor. Ichki ishlar vazirligining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan oxirgi paytlarda juda ko‘p tashabbuslar amalga oshirilmoqda va ular asosida qonunlarga o‘zgartirishlar kirityapmiz. Afsuski, kiritilayotgan normalarning hammasi taqiqlovchi, chegaralovchi, imkoniyatni cheklovchi. Yaʼni yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashda jazoni kuchaytirish uchun tashabbuslar bo‘lyapti. Liberallashtiradigan, imkoniyat yaratadigan tashabbuslarni kamroq ko‘ryapmiz.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda 128-modda bor — haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘laklaridan yurishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa talablari qoidalariga rioya etmasligi uchun javobgarlikni ko‘zda tutadi. Agar jamoat transporti uchun joy ajratilsa, uni belgisi bo‘ladi va belgiga kirish mumkin emas, degan tartib bo‘ladi. Demak, kirib qolsa, unga javobgarlik bor. Yana alohida jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzish normasi? Jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidasi bormi? Umuman olganda transport haydovchisiga alohida-alohida javobgarlik bo‘lyapti. Xalqaro tajriba boshqacharoq, ularda yaxshi ishlangan. Biz har bitta harakatga javobgarlik o‘rnataversak qanday bo‘ladi?, deya taʼkidlagan Spiker.
Jahongir Shirinov: To‘g‘ri taʼkidlayapsiz, afsuski, loyiha kamchiliklardan holi emas, juda ko‘p savollar tug‘ildi. Qo‘mita muhokamasiga ham mutaxassislarni chaqirdik, boshqa vazirlik va idoralar vakillaridan maslahat oldik. Haqiqatan avtotransport vositalarini yondosh hududdan chiqib kelishda muammolar kelib chiqqan. Lekin, shu bilan birga, loyihaning g‘oyasi va konsepsiyasi juda dolzarb, bu — xalqimizga xizmat qiladigan qonun. Jamoat transportidan foydalanishda yana ham qulay sharoitlar yaratish uchun xizmat qiladi, jamoatchiligimiz buni, albatta, qo‘llab-quvvatlaydi.
Siz aytganday, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi boshqa moddalar bilan inventarizatsiya qildik. Afsuski, boshqa moddalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushmaydi.
Nuriddin Ismoilov: Kechirasiz, nima uchun tushmaydi? Chunki huquqni qo‘llovchilar xohlamaydi. Yo‘l belgisi bor, shu qismga kimdir kirdi, mashinasini qo‘yib qo‘ydi. Bu Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasida bor.
Jahongir Shirinov: Agar eʼtibor qilingan bo‘lsa, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128 va 125-moddalarida har bir huquqbuzarlik uchun alohida javobgarlik yozib qo‘yilgan.
Nuriddin Ismoilov: Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yana 500 ta modda qo‘shishimiz kerak, shunda qutilamiz bulardan. Umumiy yo‘l harakati qoidalari bor-ku. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yozib qo‘yibdi — yo‘l belgilari, yo‘l harakatini boshqa qoidalari talablarini buzish. Yo‘l belgisida “kirilmasin” degan bo‘lsa, kirmasin, kirsa javob bersin. Agar u yerda jazo yengil bo‘lsa, jazoni og‘irlashtirmoqchi bo‘lsanglar boshqacha yozish kerak. Ichidan ajratib olish kerak. Hozir xuddi bitta haydovchi ikkita huquqbuzarlik sodir etayotgan bo‘lyapti: yo‘l belgisiga amal qilmayapti, shu bilan birga, jamoat transportiga ajratilgan yo‘llarda harakatlanish qoidalarini buzyapti. Shu uchun buni yuridik jihatdan to‘g‘ri qilaylik, sohani to‘g‘ri tartibga solishimiz kerak.
Ertaga saylovchilarga nima deymiz? “Sizlar qachongacha jazoni oshiraverasizlar?” deb saylovchilar so‘raydi.
Jahongir Shirinov: To‘g‘ri, ikkinchi o‘qishda buni ko‘rib chiqishimiz kerak. Jazo nuqtai nazaridan balki buni alohida modda qilmasdan, tegishli moddalarning dispozitsiyasiga kiritmasdan ko‘rib chiqamiz.
Shundan so‘ng spiker Nuriddin Ismoilov qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yoki qo‘yilmagani, ulardan qanday fikrlar olingani bilan qiziqdi.
Nuriddin Ismoilov: Bu masala jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildimi yoki yo‘qmi?
Erali Bozorov: Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan va fikrlar olingan.
Nuriddin Ismoilov: Hamma qo‘llab-quvvatlaganmi?
Erali Bozorov: Vazirlik va idoralardan olganmiz. Asosiy qismi ijobiy bo‘lgan. Chunki asosiy masala — tirbandlikning oldini olish.
Nuriddin Ismoilov: Yo‘q, kechirib qo‘yasiz, bunda tirbandlikning oldi olinmaydi. Biz hozir jamoat transportiga urg‘uni beryapmiz. Ha, avtobuslar kiradigan joyda unga hech kim xalal bermasin. Aksincha, bu norma orqasidan tirband bo‘lishi mumkin. Hamma narsani to‘g‘risini aytishimiz kerak.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning huquqiy tabiatini, konstruksiyasini buzmaylik. Agar u yerda javobgarlik bor bo‘lsa, lekin aynan shu yo‘l harakati qoidalari belgilariga amal qilmaganligi uchun jazo yengil bo‘ladigan bo‘lsa va shu harakatga jazoni og‘irlashtirmoqchi bo‘lsanglar normani shunday yozishinglar kerak. Normani to‘g‘ri yozinglar. Agar yaxshi advokat bo‘lsa, tortishishi mumkin, sudga ham qiyin qilib qo‘yamiz.
Deputatlar orasidan o‘z fikrini bildirish uchun Ilhom Abdullayev so‘z so‘radi. Uning fikricha, har bir qonunning o‘z qabul qilish vaqti bor. Balki g‘oya yaxshidir, lekin qabul qilinayotgan sharoit va vaqtga mos kelmasa, bu qonun, aksincha, salbiy taʼsir qilishi mumkin.
To‘g‘ri, maʼruzachi buning qonuniy tartibga solinishiga eʼtibor qaratdi, ammo ikkinchi muammo ham bor — qonun mantig‘i. Yaʼni, jamoat transporti jamoat mulki-yu, qolgan odamlar, boylar qimmatbaho mashinalarda o‘zi bilan o‘zi ovvora bo‘layotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Ammo vaziyat unday emas. Hozirda xalqimiz farovonligi juda yaxshi, Toshkent shahrida deyarli har bir oilada mashina bor. Agar ushbu qonunning maqsadiga qaralsa, gap faqat tirbandlikni oldini olish haqida ketmoqda. Tirbandlikni oldini olish uchun transportga alohida yo‘lak ajratish shart emas, ayniqsa, avtobuslar yetarli bo‘lmasa.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgandan keyin, avtobuslarga ajratilgan yo‘laklarni kuzatdim. Avtobuslar qanchalik tizimli harakatlanayotgani, ularda qancha yo‘lovchi borligiga ahamiyat berdim. Metroni ham ko‘rdim. Yo‘lovchilar oqimi doim bir xil emas.
Ushbu qonunning qabul qilinishi tiqilinchda qolib ketgan avtotransport vositalarining egalari uchun jarima miqdorini oshiradi, lekin yo‘lovchi tashish hajmini oshirmaydi. Bu haqda gapirishimiz kerak. Avtobus har besh daqiqada bir marta “A” yo‘lakdan o‘tadi. Hamma mashinalarni bir yoki ikki qatorga qo‘yib, jarimalarni BHMning besh barobarigacha oshirmoqchimiz. Bu mumkinmi? Menimcha, bunda mutlaqo mantiq yo‘q. Bu odamlarga hech qanday yaxshilik keltirmaydi va faqat jarimalarni oshiradi, yo‘llardagi vaziyatni yaxshilamaydi, — deya taʼkidlagan Ilhom Abdullayev.
Deputat Alisher Qodirov so‘z so‘radi. Spiker unga navbat berar ekan, gapini qisqaroq qilishini so‘radi:
Sizning fikringizga ham (spiker nazarda tutilmoqda — izoh tahririyatdan), Ilhom Zoirovichning fikriga ham qo‘shilmayman.
Qonun — bugungi kunda zarurat. Biz jamoat transportini erkin harakatlanishi uchun sharoit yaratib bermas ekanmiz, aholiga xizmat qilolmaymiz. Bu – juda ko‘p odamlarning noroziligiga sabab bo‘layotgan masala.
Odamlarning katta qismi mashinada yurmaydi, jamoat transportdan foydalanadi. Metrolarning tiqilinch ekanligi avtobuslarning yetarli emasligi bilan bog‘liq, to‘g‘ri aytildi. Avtobuslarni yetarli qilish kerak, lekin biz ularning tartibli harakatlanishi uchun sharoit yaratib berolmasak, aholini rozi qilolmaymiz.
Alohida yo‘lak ajratish masalasi butun dunyoda bor tajriba va bu muvaffaqiyat bilan ishlayapti. Ayniqsa, Yevropa shaharlarining tor ko‘chalarida bu tajriba ijobiy qo‘llanilmoqda.
Biz maxsus avtomobillar uchun bugun yurish imkoniyatini siz aytayotgan maʼmuriy qonunchilikda belgilab o‘tganmiz. Tez yordam yoki tezkor o‘t ochirish mashinalariga yo‘l ochib berish majburiyatini mashinalarga qo‘yganmiz. Lekin avtobuslarga unday huquq berolmaymiz, chunki u mashinalar kompakt harakat qilish imkoniyatiga ega emas.
Shuning uchun yo‘lning maxsus bo‘lagi bilan avtotransportni jamoatga xizmat qilishi uchun belgilangan vaqtda, belgilangan tezlikda yurish imkoniyatini yaratib berish kerak. Bu tirbandlik bilan bog‘liq narsa emas.
Tirbandlik hozir ham bor, yo‘lakni alohida ajratgandan keyin ham bo‘ladi. Bu ish tirbandlikni hal qilish uchun qilinmayapti, aksincha, jamoatchilikka to‘g‘ri xizmat qilish masalasi. Va bu Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning strukturasini buzyapti, deb hisoblamayman, har qanaqa qonunchilik xalqimizga xizmat qilishi kerak.
“A” yo‘lakni alohida ajratish va ushbu yo‘lak ichida alohida tartib-taomillarni joriy qilish — xalqimizning bugungi kundagi talabi. Bu dolzarb masala, shu bois hammani qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman, dedi Alisher Qodirov.
Shundan so‘ng spiker qonun loyihasini ovozga qo‘ydi: 16 nafar deputat qarshi chiqdi, 13 nafar deputat betaraf qoldi, 2 nafar deputat ovoz bermadi. Shu tariqa qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Spiker Nuriddin Ismoilov kun tartibidagi mazkur masalani yopar ekan, ikkinchi o‘qishda yuqorida aytilgan fikrlarga jiddiy eʼtibor qaratishni alohida iltimos qilib so‘radi.
Izoh (1)
yolni chetini avtobuslarga berish bu juda notugir, va bu qoida amalda ishlamidi (vaqtincha ishlidi), ayniqsa yolda probka bolsa, kopchilik shu A polosadan xam xarakatlanaveradi, shunda qoidaga amal qiluvchilar esa choraxadan o'ng tomon burilishi uchun A polosaga o'ta olmi majbur, shu qoidabuzarlarga yol berib ozlari probka xosil qivoradi, domda yashovchilar esa ichkarida joy topa olmay shu polosaga moshinasini qoyib ketaveradi, noilojlikdan, shu sabab, avtobuslarga yolni o'rtasida, avvalgi tramvaylarni yolini aloxida bordyur bilan ajratib berish tugri boladi, osha yerda ostanovka qilib. shundagina bu muammo xal boladi.