24-oktabr, yakshanba kuni O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylov kompaniyasi esa bundan uch oy avval — 23-iyul kuni start olgandi. Avgust—sentabr oylari davomida mamlakatda rasman ro‘yxatga olingan besh partiya — “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Ekologik partiya, Liberal-demokratik partiya, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va Xalq demokratiya partiyasi muhokamalar va qurultoylar o‘tkazdi.
Ushbu muhokamalar yakuniga ko‘ra “Adolat”dan partiya rahbari Bahrom Abduhalimov, O‘zLiDePdan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev, Ekopartiyadan partiya raisi Narzullo Oblomurodov, “Milliy tiklanish”dan partiya yetakchisi Alisher Qodirov va XDPdan Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olindi.
“Daryo” partiyalarning ikki oy avvalgi muhokamalari vaqtida so‘zga chiqqan notiqlar tomonidan nomzodlar haqida bildirilgan e’tiborga molik fikrlarni bir sahifaga jamladi; nutq va chiqishlar qisqartirilgan va juz’iy tahrirlangan holda berilmoqda.Bahrom Abduhalimov haqida
Saidahror G‘ulomov, Fanlar akademiyasi a’zosi, iqtisod fanlari doktori, professor
Men Bahromjon Abduhalimovni 30 yildan beri yaxshi bilaman; yaxshi olim, tashkilotchi. Hozirda Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti sifatida katta ishlar olib boryapti, butun ijtimoiy-gumanitar fanlarni yuqori darajaga olib chiqdi.
Qo‘lyozmalar — ming yillik tariximiz juda xarob ahvolda edi; xorijiy tillarni yaxshi bilgani uchun juda katta grant oldi, institutni qayta ta’mirlab, ayniqsa o‘sha qo‘lyozmalar fondini tikladi. O‘zbekistonda bir necha yirik tarixiy yubileylar o‘tgan bo‘lsa, ularning tarixini aynan Bahromjon Abduhalimov boshchiligidagi institut asoslab berdi, butun dunyodan olimlar kelib, bu yubiley tantanalarida qatnashib ketgan.
Men nima bilan faxrlanaman? Fizika, kimyo sohasida biz yetuk natijalarga erishganimiz yo‘q, bu sohalarda xorijda ham tan olinib, prezidentlarni O‘zbekistonga olib kela oladigan tadbirlar bo‘lgani yo‘q. Faqat bizning Arxeologiya va Sharqshunoslik institutlari tayyorlagan va asoslab bergan O‘zbekiston tarixini YuNESKOdan boshlab butun dunyo tan oldi, xalqaro konferensiyalar bo‘lib o‘tdi.
Ikkinchidan, Bahromjon Abduhalimov ko‘p yil Prezident davlat maslahatchisi bo‘lib ishladi, keyin nodavlat tashkilotlar kuratori bo‘ldi. Shunda men ham xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlash sohasi rahbari sifatida bir necha bor hamkorlikda ishladim; 35 tacha mamlakat bilan muloqot qilardik, Bahromjon boshchiligida shu yo‘nalishning ham juda katta rivojiga erishdik.
Shuning uchun — bu odam O‘zbekiston tarixini, siyosatini, davlat ishlarini yaxshi bilgani uchun — Bahromjon Abduhalimov nomzodini 100 foiz ma’qullayman.
Akmalxon Burxonov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori
Bahromjon Abdurahimovichni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatish uchun har tomonlama munosib, deb hisoblayman. Birinchidan, u partiya siyosiy kengashi raisi, ya’ni lideri — partiyaning g‘oyalarini, partiya qayoqqa qarab ketayotganini uning rahbarichalik hech kim bilmaydi.
Ikkinchidan, Bahromjon Abdurahimovichni nafaqat partiya rahbari sifatida, balki o‘z sohasining yetuk mutaxassisi, olim sifatida ham jamoatchilik juda yaxshi biladi. Eng muhimi, Bahromjon Abdurahimovich davlat va jamiyat boshqaruvining muhim sohalarida samarali faoliyat yuritgan, qaysi sohada ishlamasin, o‘sha sohaning rivojiga katta hissa qo‘shgan, o‘sha sohada o‘sish bo‘lgan.
Bahrom Abduhalimovning tarjimayi holi va saylovoldi dasturi bilan bu yerda tanishish mumkin.Shavkat Mirziyoyev haqida
Rasul Kusherboyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
Bugungi kunda nafaqat parlament deputatlari, balki joylardagi mahalliy deputatlar ham davlatimiz rahbariga o‘z takliflarini mustaqil yuboryapti, mulohazalarini beryapti, murojaatlar jo‘natyapti. Ilgari bunday amaliyot deyarli kuzatilmagan. Oxirgi yillarda mana shunday jur’at paydo bo‘ldi. Bu, avvalo, davlat rahbarining o‘zlaridan boshlab, boshqa idoralarning ham eshiklarini hamma uchun ochib qo‘yganliklari sabab.
Biz bugun faqat Markaziy Osiyoda emas, balki Osiyoda eng yaxshi davlatlar qatoriga kirishimiz kerak, degan maqsad bilan yashasak, intilsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Oldinga qo‘yilgan maqsadlardan kelib chiqsak, ularni ro‘yobga chiqarishga eng munosib nomzodlar qatorida biz amaldagi davlat rahbarimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni ko‘ramiz. Men ham ko‘pchilik qatori shu fikrdaman.
Baxtiyor Umarov, Namangan viloyatidagi “Istiqlol tekstil dizayn” kompaniyasi direktori
Tadbirkorlarni jahon bozoriga olib chiqish, jahon bozorida sog‘lom raqobatni shakllantirish uchun bank siyosatini isloh qilish, konvertatsiya masalalarini ochib berish Shavkat Miromonovich islohotlarining boshlanishi bo‘ldi va biz tadbirkorlarga juda katta dalda bo‘ldi. Buning o‘zi bir qahramonlik, desak to‘g‘ri bo‘lardi.
Shavkat Miromonovichni inson sifatida ta’riflaydigan bo‘lsam, u kishi bizga vatanga muhabbatni, xalqqa, millatga xizmat qilishni o‘rgatdi. Kichkinagina misol. Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining boshlanishi arafasi, soat 22:00, ertalab juda katta tadbir boshlanadigan. Biz tadbirdagi hammaning kiyimiga mas’ul edik, vazifamiz xodimlarni chiroyli kiyintirish. Kechki payt boshlovchi o‘zgarib qoldi. Biz darhol kiyimlarga qaradik, ammo oddiy bir galstuk muammo bo‘lib qoldi. Shunda Shavkat Miromonovich bundan xabar topib qoldilar-da, galstuklarini yechib berdilar. Bu bizga shunday qattiq ta’sir qildiki, vatanga haqiqiy fidoyilikni biz shunda Shavkat Miromonovichda ko‘rdik.
Shu bois, biz, tadbirkorlar partiyamizdan prezidentlikka nomzod Shavkat Miromonovichni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlaymiz, saylovoldi targ‘ibot ishlarida faol ishtirok etamiz.
Abdulla Aripov, O‘zbekiston bosh vaziri
Mamlakatimiz rahbarining “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan g‘oyalari faoliyatimiz asosiga aylandi. Xalqimiz o‘zining dard-u hasratini, yillar davomida yig‘ilgan muammolarini ochiq-oshkora ayta boshladi. Chunki, bunga muhit yaratildi. Ochiqlik siyosati olib borilgani tufayli xalqimizning davlatga nisbatan ishonchi yanada mustahkamlandi. Davlat va jamiyat o‘rtasida birdamlik vujudga keldi. Ommaviy axborot vositalari xalq minbariga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yillar davomida yashirib kelingan kambag‘allik muammosi borligini Prezidentimiz ochiq gapirib, unga qarshi keskin kurash boshlab berdi. Davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodalari bilan mamlakatda inson huquqlari kafolatlari kuchaytirilib, majburiy mehnatga, shu jumladan, bolalar mehnatiga butunlay barham berildi. Hurmatli Prezidentimiz ishlash, pul topish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarimizga munosabatni butkul o‘zgartirdi. Adashib boshqa yo‘lga kirib qolgan vatandoshlarimizga dushman ko‘zi bilan qarash emas, aksincha kechirimli bo‘lish, ularga insoniylikning eng yuksak namunasini ko‘rsatish davlatimiz rahbarining muhim islohotlaridan biri bo‘ldi.
O‘tgan kabisa yili mamlakatimiz uchun og‘ir sinovlar yili bo‘ldi. Pandemiya balosi yetmaganidek Buxoro viloyatida, so‘ngra “Sardoba” suv omborida kutilmaganda yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar ham el-yurtimizning irodasini yana bir bor jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Hurmatli Prezidentimiz ushbu hududlarga talafot kuniyoq shaxsan tashrif buyurib, xonadonma-xonadon yurib, zarar ko‘rgan aholi bilan bittama-bitta uchrashib, dildan suhbatlashdilar, dard-u tashvishlariga sherik bo‘ldilar. Davlatimiz rahbari to‘g‘onning yorilgan qismidan chiqqan suv to‘xtaguniga qadar to‘rt sutka erta-yu kech mijja qoqmasdan ofatni bartaraf etish bo‘yicha qilingan barcha ishlarning boshida turdi.
Shu o‘rinda bir narsani sizlarga eslatmoqchiman: besh yil avval valyuta bozori qay ahvolda edi?! Uchta kurs mavjud edi. Ko‘p-ko‘p qo‘shtirnoq ichidagi “aqlli iqtisodchilar” valyuta bozori erkinlashtirilishiga keskin qarshi bo‘lgan. Faqatgina hurmatli Shavkat Miromonovichning qat’iyatlari bilan valyuta bozori erkinlashdi, milliy valyuta — so‘mni erkin ayriboshlash imkoniyati yaratildi. Haqiqiy bozor iqtisodiyotini barpo etish maqsadida qabul qilgan ushbu tarixiy qarorlari tufayli makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlandi.
Umuman, hayotimizning barcha jabhalarida jonlanish, o‘sish-o‘zgarish yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Buni e’tirof etmaslik, tan olmaslik haqiqatan ko‘z yumish bo‘ladi. O‘zbekistonda butunlay yangicha iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-ma’naviy, ilmiy-ma’rifiy iqlim paydo bo‘ldi.
Xo‘sh, mamlakatimiz bunday maqtanishga arzigulik natijaga qanday erishdi? Erishilayotgan natijalarga aslo qoniqmaslik, muvaffaqiyatlarga mahliyo bo‘lmaslik, mavjud ahvolni haqqoniy, ishlarni muntazam tanqidiy baholashga, o‘zlarining va jamoalarining oldiga tinimsiz bir-biridan murakkab vazifalarni qo‘yib, doim marrani baland olishga da’vat qilgan hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodalari va shaxsiy namunalari bilan erishdik!
Biz juda tez amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga ko‘nikib qoldik. Ularning mohiyatini anglashga ulgurmayapmiz. Go‘yo, vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida qilinayotgan mislsiz islohotlar aynan shunday bo‘lishi kerakdek va shu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgandek qabul qilyapmiz. Aslida, buning zamirida, davlatimiz oldida turgan dolzarb muammolarni aql-idrok bilan yecha oladigan, fidoyi, mard, serg‘ayrat va tafakkuri kuchli bo‘lgan shaxsning – hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qat’iyatlari mujassamdir!
Shavkat Mirziyoyevning tarjimayi holi va saylovoldi dasturi bilan bu yerda tanishish mumkin.Narzullo Oblomurodov haqida
Saidrasul Sanginov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
Narzullo Oblomurodov aholi muammolari bilan ishlash, hududlarini obod qilish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologiya muhofazasi, “Obod qishloq” dasturi doirasidagi ishlarni yuqori darajada tashkil etish va ularning ijrosini ta’minlashda faollik ko‘rsatgan. Xususan, 2018-yili Manas qishlog‘ini obod qilish, ushbu tajriba asosida Mirzacho‘l tumanidagi Gagarin qishlog‘ini obod qilishda alohida fidoyilik ko‘rsatgan. Mirzacho‘l tumanida “Obod qishloq” dasturini faollashtirish uchun tuzilgan shtabga rahbarlik qilgan. O‘shanda katta ko‘lamdagi ishlar qilinganidan xalqimiz xabardor.
Partiyamizga rahbar sifatida saylangach, partiya faoliyatini yaxshilash uchun qisqa muddat ichida bir necha muhim tashabbusni amalga oshirdi, xususan, Partiya a’zolari soni 2047 nafardan 437 ming nafargacha oshirildi. “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarofonini o‘tkazish tashabbuskori ham aynan shu kishi. Velomarafondan tushgan mablag‘lar Mo‘ynoqdagi qishloqlarni obod qilish, sug‘orish-irrigatsiya tizimini yaxshilash, toza ichimlik suv tarmoqlarini tortish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholining boshqa muammolarini yechishda madad bo‘lmoqda.
Mohira Xo‘jayeva, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati
Narzullo Oblomurodov qisqa muddatda nafaqat Orolbo‘yi, balki O‘zbekistonning barcha hududlarida ekologik muammolarni hal qilishda o‘zining jonbozligini ko‘rsatdi. U o‘zining yetakchilik qobiliyati, tashabbuskorligi, siyosiy jarayonlarni to‘liq anglab yeta olgani, davlatimiz va jamiyatimizning rivojiga munosib qissa qo‘shayotganini e’tirof etishimiz kerak.
Nizomiddin Bakirov, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi
Narzullo Naimovichning Manas, Mirzacho‘ldan Orol dengizigacha bo‘lgan hududlarda olib borgan ishlari haqida gapirib o‘tishdi. Men bu kishini Prezident administratsiyasida paytlaridan beri taniyman. Jonkuyar, yoshlarga namuna, ayniqsa — tashabbuskor; har bir ishda tashabbus ko‘rsatib, vatanparvarligini namoyon qilib keladi.
U boshlagan jarayonlar hozirda Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlarida davom ettirilyapti. Tog‘ va tog‘oldi hududlarimizda ham juda katta maydonlarda ekologik muhitni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilyapdi. O‘rmonchilikni rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha qabul qilingan konsepsiyani ishlab chiqishda ham nomzodimizning hissasi bor.
Narzullo Oblomurodovning tarjimayi holi va saylovoldi dasturi bilan bu yerda tanishish mumkin.Alisher Qodirov haqida
Xurshid Do‘stmuhammad, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
MTDPning oddiy a’zosi sifatida aytamanki, (partiyadan ko‘rsatilayotgan nomzodimiz) juda katta tajribaga ega. Ilgari partiyamiz yosh, imkoniyatimiz, mablag‘imiz oz, degan gaplarni aytardik. Endi bunday gaplarga o‘rin qolmadi. Hech bir a’zomiz “biz falon sohada ojizmiz”, degan gapni ayta olmaydi. Ma’naviyatni mahkam ushlagan inson ham, partiya ham “ojizman!”, degan gapni aytishga haqqi yo‘q.
Dunyoni, jamiyatni ma’naviyat qutqaradi. Hozirgi islohotlarning natijasi ham ma’naviyat orqali bo‘ladi, ma’naviyat ko‘chalari olib boradi o‘sha yoqqa. MTDP ana shu ma’naviyat ko‘chasini o‘zining chorrahasi, deb biladi. Bugun hech qanday mayda-chuyda gaplar, vaj-karsonlarga o‘rin qolgani yo‘q. MTDP(ning prezidentlikka nomzodi) tarixiy va siyosiy nuqtayi nazardan ham, ma’naviy nuqtayi nazardan ham siyosiy maydonga tushishga tayyor.
Feruza Muhamedjanova, MTDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari
Biz 2019-yilgi parlament saylovlaridan keyin prezidentlik saylovlarida qanday ishtirok etamiz, deb o‘ylay boshladik. Eng asosiy ishimiz “prezidentlikka nomzod kim bo‘ladi?”, degan savolga javob qidirishdan boshlandi. Juda ko‘p muhokama bo‘ldi. Partiya ichida yurgan, anchadan buyon siyosiy jarayonlarni kuzatgan inson sifatida aytishim lozimki, prezidentlikka bo‘lajak nomzod masalasi bu qadar chuqur, bu qadar keng muhokama etilmagan... Butun partiya tizimimizda, barcha faollardan kengashgan uzoq maslahatlashuvlar asosida biz bir xulosaga keldik...
Alisher Qodirov “Jizzax” iqtisodiy zonasini tashkil etishda faol ishtirok etgan. 18 yoshgacha bolalar tarbiyasini tashkil etish bo‘yicha uch kitobdan iborat qo‘llanma muallifi. 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan davrda tarbiya va ta’limning uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha uzluksiz tarbiya konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirokchi bo‘lgan. “Davlat tili to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi, OAVda haqorat va yolg‘onlarni tarqatishning oldini olish bilan bog‘liq qonun loyihalarini qabul qilishda faol ishtirok etgan.
U “Milliy tiklanish”da qanday ishlarni amalga oshirgan degan savolga quyidagicha javob berish mumkin. Markaziy Kengashdan to eng quyi tuzilmamizgacha har birimizning ish xonamiz ijod xonasiga aylangan desam xato bo‘lmaydi. Biz har qanday muammoni birgalikda hal eta olishni o‘rgandik. Alisher Qodirovning partiya tizimida amalga oshirgan eng muhim ishlaridan biri ortiqcha qog‘ozbozlik va rasmiyatchilikdan holi mehnat sharoiti yaratilishiga erishildi. Juda katta hujjatlar nomenklaturasini ixchamlashtirish masalasi bevosita partiya rahbari tashabbusi.
Partiyada ishlayotgan ayollarning ish vaqtini bir soatga qisqartirib, partiya a’zolarining 49 foizini ayollar tashkil etishiga erishdik. Menimcha, tizimida bu qadar ayollar ko‘p bo‘lgan partiya O‘zbekistonda barmoq bilan sanarli. Partiya xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida OTMga kontrakt asosida qabul qilingan xodimlarning shartnoma pullarini to‘lab berish tashabbusini ilgari surib, amaliyotga joriy etdi. Xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazib, shtatlar qisqartirdi, natijada partiya tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning ish haqlari ikki baravarga oshdi.
Shahnoza Jo‘ldasova, Yoshlar parlamenti raisi
Alisher Keldiyevich boshchiligida partiyamiz yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zimning misolimda aytadigan bo‘lsam, aynan partiyaning qo‘llab-quvvatlashi, yordamida o‘zimning yangi qirralarimni kashf qildim.
Avvaliga Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari sifatida saylandim, birinchilardan bo‘lib partiyamizda Yoshlar parlamenti a’zolari guruhini shakllantirdik. Alisher Qodirov boshchiligida 20 ga yaqin qonun loyihalariga taklif kiritganmiz, 50 dan ortiq hududlarda o‘rganish tadbirlari amalga oshirilgan.
Bundan avval O‘zbekiston tarixida yoshlarning partiya hayotida bunchalik faol ishtirok etishi kuzatilmagan.
Shuhrat Rizayev, O‘zbekkino milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, partiya markaziy kengashi a’zosi
“Milliy tiklanish” dastlabki tashkil etilgan paytlaridan bir maqsadga — shaxslarni tarbiyalashga xizmat qilish, shaxslarni yetishtirish, shaxslarning fikrini maydonga chiqib, uni amalga oshirish uchun kurashishga yo‘naltirilgan partiya edi. Ana shu harakatlarning bardavomligida bugun partiya rahbari Alisher Qodirovning o‘ziga xos o‘rni, mavqeyi, yondashuvlari, qarashlari bor.
Qodirovga 2011-yili Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qiganida saboq berganman. Darsda, albatta, qaysidir yigit-qizning o‘z hislatlari bilan bo‘rtib, alohida ko‘rinayotganini his qilasan. Alisher Keldiyevichning mana shunday o‘ziga xos jihatlari borligini o‘sha paytdayoq his qilgandim. Bu xususiyatlar aynan partiyaga rahbarlik davomida hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazini boshqarganida yaqqol ko‘rindi. O‘zbekistonda ma’naviy muhit mo‘tadil bo‘lsa, bunda ushbu tashkilotni boshqargan Alisher Qodirovning ham o‘rni, hissasi bor.
Alisher Qodirovning tarjimayi holi va saylovoldi dasturi bilan bu yerda tanishish mumkin.Maqsuda Vorisova haqida
Elmira Bositxonova, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari
Prezidentlikka nomzod bo‘lishga munosiblik Maqsuda Azizovnaning xarakterida bor, u tibbiyot xodimining naqadar ijtimoiy mas’ul ekanligi to‘xtovsiz isbotlanayotgan bugungi kunda o‘zining shifokorlik faoliyati bilan shu munosiblikni doimo ko‘rsatib kelgan. Oddiy umumiy amaliyot shifokori bo‘lib birlamchi tizimda — bugun birlamchi tizim naqadar muhim ekani va u millatni kasallanishdan, ba’zi hollarda o‘limdan saqlab qoladigan tizim ekanligini alohida e’tirof etmoqchiman — ana shu birlamchi tizimda ham munosib ishlab, xonadonma-xonadon yurib, inson dardini ko‘rib, tajribasini orttirgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlayotganimda meni eng ko‘p bezovta qiladigan ham Maqsuda Azizovna edi. Bu kishi “o‘tib ketadi, muammo o‘zi to‘g‘rilanib qolar, shuncha kungacha ham o‘zgartirib bo‘lmayapti-ku”, deb o‘tirmasdi; har bir muammoni oxirigacha talab qilib, eshikni taqillatib, eshik yopiq bo‘lsa, urib kirib, bemalol o‘z pozitsiyasini ko‘rsatar va prinsipial yondashuv orqali natijaga erishardi, buni o‘zim ham ko‘rganman.
Deputat bo‘ldi, qo‘mita raisining o‘rinbosari bo‘ldi. Birlamchi tizimning naqadar muhimligini davlat, hukumat, aholi bilyapdi, ammo so‘nggi 10-15 yilda birlamchi tizimni ancha nochor qilib qo‘ygan edik. Ana shu nochorlikka o‘rganib qolib, “bo‘lgani shu endi, moliyaviy imkoniyatlar yetmayapti”, deb ko‘nib o‘tirmay, munosib deputatlik shijoati, fazilatlari bilan kechani kecha, kunduzni kunduz demay, hatto mazasi bo‘lmasa ham, Moliya vazirligida kechasi bilan o‘tirib chiqib, o‘z pozitsiyasini himoya qilib, emlash hamshiralarini tiklashga ahamiyat bergan edi.
Chaqiruv yoshidagi farzandlarimizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda shifokorlarni deyarli yo‘q qilib yuborgan vaqtimizda ulardan sakkizta lavozim egasini qayta tiklashda Maqsudaxon hissalari ko‘p bo‘lganini eslatib o‘tmoqchiman. Shuningdek, doyalarni qaytarishda ham juda katta harakat qildi. Doyalarimiz yo‘q edi. Yiliga 800 mingga yaqin homiladorning ko‘zi yoriydigan bolajon mamlakatda doyalarning kam bo‘lishi muammo, albatta. Maqsuda Vorisova bu muammoni yechishda o‘zining deputatlik pozitsiyasini ko‘rsatib, maqsadga erishdi — doyalarimiz qaytib keldi.
Nomzodning munosibligini men sizlarga yana qayta va qayta takrorlamoqchiman. Agar siyosiy jarayonga kirib borayotgan shaxs shifokor ayol va ona bo‘lsa, uning niyatlari va harakatlari naqadar ezgu bo‘lishini isbotlab o‘tirmoqchi emasman.
Maqsuda Vorisovaning tarjimayi holi va saylovoldi dasturi bilan bu yerda tanishish mumkin.
Izoh (0)