Rossiya prezidenti Vladimir Putin migratsiya qoidalarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan bir qator qonunlarni imzoladi. Unga ko‘ra, mehnat muhojirlari faoliyatlarini qonuniylashtirishlari talab etiladi.
Patentni rasmiylashtirish uchun quyidagilar zarur:
- pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat va uning rus tilidagi notarial tasdiqlangan tarjimasi;
- rus tilini bilish, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslari to‘g‘risidagi hujjat;
- ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisi yoki pulli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma;
- OIV infeksiyasi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikat — 1 yil amal qiladi;
- organizmda giyohvand moddalarning yo‘qligi to‘g‘risidagi xulosa — 1 yil;
- xavfli yuqumli kasalliklar yo‘qligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa — 1 yil;
- patent, ishlashga ruxsatnoma, vaqtincha yashash, o‘qish yoki yashash guvohnomasini berishni rad etish uchun asoslar mavjud emasligi, shuningdek, boshqa talablar bajarilishi.
Farmonga ko‘ra, harbiy xizmatni o‘tash uchun Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan muhojirlar deportatsiya qilinmaydi. Ularga nisbatan deportatsiya, readmissiya, Rossiyaga kirishga ruxsat bermaslik, mamlakatda bo‘lishni istamaslik va vaqtincha bo‘lish muddatlarini qisqartirish bo‘yicha ilgari qabul qilingan qarorlar ijro etilmaydi. Bu qoida Rossiya milliy xavfsizligiga tahdid soladigan xorijliklarga nisbatan qo‘llanmaydi.
Avvalroq noqonuniy migrantlar 30-aprelgacha Rossiyadan chiqarib yuborilishi haqida xabar bergandik. Ushbu chora Rossiya Federatsiyasida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan xorijiy davlatlarning fuqarolariga, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Reyestrga xorijliklar chegarani noqonuniy kesib o‘tgan, viza yoki yashash uchun berilgan ruxsatnomasi bekor qilingan kundan boshlab kiritiladi. Tegishli hujjat Huquqiy hujjatlar rasmiy portalida e’lon qilingan.
2025-yil 5-fevraldan Rossiyada deportatsiyaning migratsiya rejimi joriy etiladi. Prezident imzolagan qonunlardan biri Ichki ishlar vazirligiga Rossiya Federatsiyasidan sud qarorisiz migrantlarni chiqarib yuborishga ruxsat beradi. Ilgari buni faqat sud va chegara xizmati amalga oshirishi mumkin edi.
Dekabr oyida aholi bilan TV orqali an’anaviy muloqoti chog‘ida Putin Ichki ishlar vazirligi migratsiya siyosati uchun mas’ul bo‘lishda davom etishini aytgan hamda vazirlik tarkibida migratsiya masalalari bo‘yicha alohida bo‘lim tashkil etishni taklif qilgandi.
Izoh (0)