Zayed insoniyat birodarligi mukofoti tashkilotchilari 2026–yilgi nashr sovrindorini aniqlashda ishtirok etadigan hakamlar hay’atining yangi a’zolarini rasman e’lon qildi.
Bu xalqaro va mustaqil mukofot butun dunyo bo‘ylab turli soha va mintaqalardan kelgan, insonparvarlik, birodarlik va hamjihatlik tamoyillarini ilgari surish yo‘lida tinimsiz va fidokorona xizmat qilayotgan shaxslar hamda tashkilotlarni taqdirlashga qaratilgan. Mukofot nomi insonparvarligi va odamlarga beminnat yordami bilan tanilgan marhum Shayx Zayid bin Sulton Al Nahyan sharafiga qo‘yilgan.
Turli sohalarda faoliyat yuritadigan va xilma-xil tajribaga ega bo‘lgan ushbu nufuzli hakamlar hay’ati 60 dan ortiq davlatlardan kelib tushgan nomzodlarni baholab, iqlim o‘zgarishi, kambag‘allikka qarshi kurash, jamiyat rivojlanishi va sog‘liqni saqlash kabi turli insonparvarlik tashabbuslari bo‘yicha tanlov o‘tkazadi. 2026-yilgi “Zayed” nomidagi Insoniyat birodarligi mukofoti hakamlar hay’atining olti nafar a’zosi quyidagilar:
- Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari
- Keterin Rassell, UNICEF ijrochi direktori
- Sharl Mishel, Yevropa kengashining sobiq prezidenti va Belgiyaning sobiq bosh vaziri
- Moussa Faki Mahamat, Afrika ittifoqi komissiyasining sobiq raisi va Chadning sobiq bosh vaziri
- Kardinal Xose Tolentino de Mendonsa, Muqaddas Taxtning Madaniyat va ta’lim bo‘yicha dikasteriyasi prefekti
- Sudya Muhammad Abdelsalom, “Zayed” nomidagi Inson birodarligi mukofoti bosh kotibi.
“Ushbu nufuzli hakamlar hayʼatiga Markaziy Osiyodan ilk aʼzo sifatida qo‘shilayotganimdan behad mamnunman. Hayʼatdagi hamkasblarim bilan birgalikda butun dunyoda jamiyatlarni yuksaltirayotgan va dolzarb muammolarni hal etayotgan eʼtirof etilmagan gumanitar qahramonlarni tan olishni maqsad qilganmiz”, deb munosabat bildirdi Saida Mirziyoyeva.
Saida Mirziyoyeva hay’atga mahalliy, milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, inson huquqlari va ijtimoiy rivojlanishni ilgari surish bo‘yicha boy tajriba olib keladi.
“Bu yilgi hakamlar hayʼati aʼzolari Afrika, Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq va Amerika qit’alaridan bo‘lib, ular bolalarga gumanitar yordam ko‘rsatish, diplomatiya, madaniyat, ta’lim, ommaviy axborot vositalari va huquq kabi turli sohalarni qamrab oladi. Nufuzli shaxslardan iborat ushbu hay’at mukofotning global missiyasini haqqoniy tarzda ifodalaydi. Biz marhum Shayx Zaydning barchani hech bir istisnosiz qo‘llab-quvvatlashga asoslangan insonparvarlik merosini aks ettirgan holda, insoniyatga xizmat qilayotgan shaxslar va tashkilotlarni sharaflashni intiqlik bilan kutamiz. Mukofot Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti va insoniyat birodarligi homiysi hazrati oliylari Shayx Muhammad bin Zayid Al Nahyanning doimiy qo‘llab-quvvatlashidan bahramand bo‘lib kelmoqda”, degan Sudya Abdelsalom.
UNICEF ijrochi direktori Keterin Rassell esa u bolalar va kelajak avlodlar hayotini yaxshilashga qat’iy bel bog‘lagan muhim mukofot — “Zayed” nomidagi Insoniyat birodarligi mukofoti hakamlar hay’atiga qo‘shilganidan sharaf his qilganini aytdi.
“Mukofot ‘Inson birodarligi to‘g‘risida’gi hujjatda bayon etilgan tamoyillarni, jumladan, bolalar huquqlari va farovonligini ilgari surishni maqsad qilgan bo‘lib, UNICEF’ning dunyo bolalari huquqlarini himoya qilish missiyasiga to‘la mos keladi”, degan u.
Yevropa kengashining sobiq prezidenti Sharl Mishel shunday dedi:
“‘Zayed’ nomidagi Inson birodarligi mukofoti shunchaki sovrin bo‘libgina qolmay, balki dunyoga tinch-totuv yashash va taraqqiyotning turli namunalarini ilhomlantirish va taqdim etish uchun minbar bo‘lib xizmat qiladi. Mukofot tashkil etilganidan buyon uni yuksak baholab, qo‘llab-quvvatlab kelayotgan inson sifatida, uning yettinchi marotaba o‘tkazilishida hakamlar hay’atiga qo‘shilish imkoniyatidan chuqur sharaflandim”.
Afrika Ittifoqi Komissiyasining sobiq raisi Moussa Faki Mahamat butun hayotini Afrika va butun dunyoda birlikni targ‘ib qilishga bag‘ishlagan inson sifatida u uchun hozirgacha Afrika qit’asidan besh nafar sovrindorni taqdirlagan mukofotning hakamlar hay’ati a’zosi bo‘lish katta sharafligini aytdi.
“Hakam hamkasblarim bilan birgalikda biz sa’y-harakatlarimizni insoniy birodarlikning yangi bosqichiga qaratamiz”, degan u.
Muqaddas Taxtning Madaniyat va ta’lim bo‘yicha dikasteriyasi prefekti Kardinal Xose Tolentino de Mendonsa shunday dedi:
“Mening hakamlar qo‘mitasiga tayinlanishim — mukofot ta’sis etilishiga ilhom bergan va uning faxriy sovrindori bo‘lgan muqaddas Papa Fransiskning qimmatli merosining bir qismidir. Men Papa Fransisk tomonidan zimmamga yuklatilgan va butun hakamlar qo‘mitasi bilan baham ko‘rilgan ushbu mas’uliyatni — insoniy birodarlik qadriyatlarini amalda qo‘llayotganlarni sharaflash vazifasini qabul qilaman. Papa Leoga xizmat qilish va itoatkorlik ruhida men nomzodlarni ko‘rib chiqishni va butun dunyoda o‘zgarishlar qilayotgan ko‘plab insonlar bilan tanishishni intizorlik bilan kutaman.”
Nomzodlarni qabul qilish 2025-yil 1-oktyabrgacha davom etadi. Muvofiq nomzodlar o‘z arizalarini Zayed Award for Human Fraternity (Insoniyat birodarligi uchun Zayd mukofoti) rasmiy veb-sayti orqali yuborishlari mumkin.
Mukofot 2019-yilda, Katolik cherkovining 266-papasi marhum hazrati oliylari Papa Fransisk va Al-Azhar bosh imomi Ahmed Al Tayebning Abu Dabidagi tarixiy uchrashuvidan so‘ng ta’sis etilganidan buyon 15 mamlakatdan 16 nafar sovrindorni e’tirof etdi. Ushbu uchrashuv davomida ikki diniy peshvo “Insoniyat birodarligi to‘g‘risidagi hujjat”ni birgalikda imzolagan edi.
Bugungacha mukofotlanganlar orasida Katolik cherkovining 266-papasi marhum Papa Fransisk (faxriy sovrindor); Al-Azhar bosh imomi Ahmed Al Tayeb (faxriy sovrindor); BMT bosh kotibi Antonio Guterresh; ekstremizmga qarshi kurashuvchi faol Latifa Ibn Ziaten; Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi qiroli janobi oliylari Abdulla II bin Al Husayn va qirolicha xonim oliyalari Raniya Al Abdulla; Gaitidagi “Bilim va Ozodlik Jamg‘armasi” (Fondation for Knowledge and Liberty); Sant‘Egidio Hamjamiyati (Community of Sant‘Egidio) tashkiloti; keniyalik tinchlik faoli Shamsa Abubakar Fadhil; Indoneziyaning “Nahdlatul Ulama” va “Muhammadiya” xayriya tashkilotlari; dunyoga mashhur kardiojarroh, professor janob Magdi Yaqub; Chili nodavlat tashkiloti asoschisi rohiba Nelly Leon Correa; Barbados bosh vaziri hurmatli Mia Amor Mottley; “Dunyo Markaziy Oshxonasi” (World Central Kitchen) hamda yoshlar sog‘liqni saqlash innovatori Heman Bekele bor.
Izoh (0)